
Yaqin Sharqdagi ziddiyat yana avj oldi: 15 iyunga o‘tar kechasi Eron tomonidan Isroilga yo‘naltirilgan raketalar oqibatida mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli vayrona va halokatlar kuzatildi. The Times of Israel nashri «Magen David Adom» qutqaruv xizmati ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, bu fojeali kecha oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lib, 200 dan ortiq inson turli darajada jarohatlangan.
Eng ko‘p qurbonlar qayd etilgan hudud — Tel-Aviv yaqinidagi Bat-Yam shahri bo‘ldi. Ballistik raketa ko‘p qavatli turar-joy binosiga kelib urilgan va bu sharoitda olti kishi, jumladan, sakkiz yoshli qizcha halok bo‘lgani ma’lum qilindi. 180 ga yaqin odam turli jarohatlar bilan shifoxonaga olib borildi, shuningdek, yetti kishi bedarak yo‘qolgan.
Hozirda qutqaruv xizmatlari xarobalar ostida omon qolganlarni qidirishni davom ettirmoqda. Videoyazuvlarda uyga raketa urilishi, odamlarning vahimali qichqiriqlari va fojianing dahshatli lahzalari aks etgan.
Isroil shimolidagi Tamra shahrida ham vaziyat og‘ir: bu yerda zarba oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Marhumlarning barchasi mahalliy arab aholisi — musulmon ayollardir. Hayfadan 20 kilometr uzoqdagi bu hududda ham odamlar orasida chuqur qayg‘u va tashvish kuzatilmoqda.
Mamlakat markazidagi Rexovot shahrida Eron raketalari sabab 40 kishi jarohat olgan. Shu shahardagi Veysman ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi markazga ham zarba berilgan va binoda yong‘in kelib chiqqan. The New York Times gazetasi guvohlarga asoslanib, obyektda jiddiy zarar keltirilgani va olova xavfi saqlanib turganini ma’lum qilgan.
Islom inqilobi muhofizlari korpusi o‘z bayonotida, eng so‘nggi to‘lqinda Isroil qiruvchi samolyotlari uchun yoqilg‘i ishlab chiqarish obyektlari va energetika ta’minoti markazlariga zarba berilganini, bu obyektlar butkul yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Tasnim agentligiga ko‘ra, bu hujumlar Isroilning strategik infratuzilmasiga jiddiy ta’sir o‘tkazgan.
Ma’lumki, 13 iyundan beri Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy qarama-qarshilik keskinlashgan: Isroil avval yadro dasturini yo‘q qilish maqsadida Eron hududiga hujum boshlagandi. O‘zaro zarbalar oqibatida nafaqat harbiylar va olimlar, balki ko‘plab tinch aholi vakillari ham qurbon bo‘lmoqda.
Voqealar rivojini jahon hamjamiyati tashvish bilan kuzatmoqda. Insoniy yo‘qotishlar va katta vayrona binolar — har ikki tomon uchun ham bag‘oyat og‘ir va qayg‘uli oqibatlarga sabab bo‘lmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar