date
views 128

Netanyahu AQSHni Eronga qarshi urushga tortayotgani haqiqatmi?

Netanyahu AQSHni Eronga qarshi urushga tortayotgani haqiqatmi?
Yaqin Sharqda yana bir bor keskin va xavfli vaziyat yuzaga keldi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu rahbarligidagi hukumat Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirmoqda va bu jarayonda Qo‘shma Shtatlarni ham bevosita tortishga urinayotgani haqida jiddiy tahlillar berilmoqda. Avstraliyaning Dikin universiteti professori Shahram Akbarzodaga ko‘ra, Isroil bilan Eron o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv nafaqat davom etadi, balki butun mintaqani qamrab oladi. Uning fikricha, AQSH Isroil xavfsizligini kafolatlash majburiyati tufayli tortishuvga jalb etilishi muqarrar.

Aslida, Akbarzodaning ta’kidlashicha, Netanyahuning asosiy maqsadi aynan shu — Amerika Qo‘shma Shtatlarini ziddiyatning faol ishtirokchisiga aylantirish va Eronda hukumatni yiqitishga intilish. Mazkur fikrlar “Al-Jazira” telekanaliga berilgan intervyuda bildirilgan bo‘lib, mintaqadagi siyosiy vaziyatning murakkabligini ochiqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

2025 yil 13 iyun tongida Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan keng ko‘lamli havo hujumlari AQSH prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan oldindan ma’lum bo‘lgan, biroq rasman Amerika tomoni bu operatsiyada ishtirok etmaganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, Nyu-York universiteti qoshidagi Yaqin Sharq masalalari markazi rahbari, professor Muhammad Bazzi fikricha, mazkur amaliyot aynan Trampning bilvosita roziligi bilan amalga oshirilgan.

Bazzining “The Guardian” nashrida chop etilgan tahlil maqolasida aytilishicha, Tramp bir paytning o‘zida ikki frontda o‘yin olib bormoqda: bir tarafdan Eron bilan tinchlik muzokaralarini olib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Isroilga agressiya uchun to‘laqonli siyosiy va moliyaviy ko‘mak bermoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp prezidentligi davomida Isroilga milliardlab dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berildi, shuningdek, xalqaro tashkilotlar orqali Isroilga qarshi tanqidlarni jilovlash uchun bosimlar uyushtirildi.

Bu holatda, AQSH aynan shu orqali Isroil va Eron o‘rtasidagi ziddiyatda bevosita ishtirokchiga aylanib ulgurgan. 14 iyunga o‘tar kechasi Eron tomonidan Isroilga qarata uchirilgan yuzlab raketalarni urib tushirishda Isroil armiyasiga AQSH maxsus xizmatlari yordam bergani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Aynan shu janglar davomida Isroil tomoni Erondagi yadroviy obyektlarga yo‘naltirilgan zarbalar haqida ma’lumot berdi. Ammo rasmiy Tehron bu zarbalar yer ostidagi yadro inshootlariga jiddiy zarar yetkazmaganini, barcha asosiy obyektlar butunligicha qolganini bildirdi. Tahlilchilar bu masalada Isroilning yetarlicha harbiy salohiyati yo‘qligini ham ta’kidlashmoqda. Ularning fikriga ko‘ra, 60 metrgacha yer ostida joylashgan yadro infratuzilmalarini yo‘q qilish uchun AQSHning B-2A yoki B-52H kabi strategik bombardimon uchoqlari va maxsus bunkerbuzar bombalar kerak bo‘ladi. Bu esa faqat AQSH qo‘lida mavjud.

Yana bir diqqatga sazovor jihat shundaki, mazkur amaliyot AQSH va Eron o‘rtasidagi yadro kelishuvlari borasida diplomatik muzokaralar qizg‘in pallaga kirgan paytda ro‘y berdi. Bir necha kun avval Tramp diplomatiya orqali kelishuvga erishish muhimligini ta’kidlab, Isroilga hujum qilishga ruxsat bermaganini aytgandi. Ammo Isroil bu so‘zlarni inobatga olmagan ko‘rinadi.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbo Aroqchi rasmiy Tehron nomidan bayonot berib, AQSH hukumatini ikkiyuzlamachilikda va aldamchilikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroilning bunday varvarlarcha amaliyotidan so‘ng Vashington bilan qandaydir tinch muzokaralar o‘tkazish befoyda.

Bu orada, Eron rasmiylari AQSHning Yaqin Sharqdagi harbiy bazalari ham hujum nishonlaridan biriga aylanishi mumkinligi haqida ogohlantirish berdi. Netanyahu esa “harbiy operatsiya qancha kerak bo‘lsa, shuncha davom etadi” degan bayonoti bilan jiddiy qo‘rquv uyg‘otdi. Tramp esa bu fursatdan foydalanib, Tehronga “ikkinchi imkoniyat” berishini e’lon qildi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, Netanyahu uchun bu urush — siyosiy hayotini uzaytirish vositasiga aylangan. U o‘zining hokimiyatda saqlanib qolishini Eronga qarshi urushga bog‘lamoqda va Trampni ham bu yo‘lga tortayotgani qayd etilmoqda. Bu urush faqat mintaqada emas, balki global miqyosda ham jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 iyun tongidagi Isroil havo hujumlarida 78 nafar Eron fuqarosi, jumladan, yuqori martabali harbiylar va yadro mutaxassislari halok bo‘lgan. 320 kishi tan jarohati olgan. Javob tariqasida Eron tomoni 14 iyunga o‘tar kecha amalga oshirgan raketali hujumda uch nafar isroillik halok bo‘lgan, 19 nafari yaralangan.

Taraflar bir kun o‘tmay yana bir-biriga raketa zarbalari yo‘llagan. Hozircha tinchlik yo‘lidagi tashabbuslar natija bermayapti va bu eskalatsiya mintaqani keng qamrovli urush domiga tortayotgani hammaga ayon bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Netanyahu AQSHni Eronga qarshi urushga tortayotgani haqiqatmi?