
Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon mamlakat siyosatida yadro qurolini yaratishni qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarga o‘rin yo‘qligini qat’iy ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yadroviy qurol yaratish Eron Islom Respublikasining tamal siyosiy nuqtayi nazarlariga mutlaqo ziddir.
Pezeshkiyon o‘z bayonotida oliy rahbarning bir necha bor takrorlagan pozitsiyasini eslatdi: Eron yadro quroliga ega bo‘lmaydi va bu yo‘lda harakat qilmaydi. U shu nuqtaga alohida urg‘u berdiki, bunday strategiyaga qarshi bo‘lganlar davlat siyosatida qatnashmasligi kerak.
So‘nggi kunlarda parlamentda Tehronning Yadro qurolini tarqatmaslik shartnomasidan chiqishi mumkinligi borasida turli mish-mishlar tarqaldi. Ayrim deputatlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlayotgani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, Eron parlamenti rasman bu ma’lumotni rad etdi. Eron Tashqi ishlar vazirligi esa NPT shartnomasi bo‘yicha har qanday qaror yuqori hokimiyat organlari tomonidan qabul qilinishi lozimligini bildirdi.
Shunga qaramay, rasmiy Tehron tarqatmaslik bo‘yicha o‘z majburiyatlariga sodiq qolishini ma’lum qilmoqda. Mamlakat Yaqin Sharqda yadro quroli bo‘lmasligi kerak, degan pozitsiyaga amal qilmoqda.
Prezident Pezeshkiyon yadro quroliga qarshi chiqish bilan birga, Eronning tinch maqsadlarda atom energiyasidan foydalanishga va ilmiy tadqiqotlar olib borishga haqli ekanini ham ta’kidladi.
“Biz yadroviy sohada jamiyat manfaati uchun tadqiqotlar o‘tkazish va energiya ishlab chiqarish huquqiga egamiz. Hech kim bizdan bu huquqni olib qo‘yolmaydi”, – dedi u.
Pezeshkiyon xalqaro munosabatlarga ham to‘xtalib, AQSHni Isroilning Eronga qarshi amalga oshirgan hujumlariga yo‘l qo‘yganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu harakat xalqaro huquq qoidalariga zid hisoblanadi.
Prezident so‘zining yakunida Eron urushni istamasligini, ammo hujum qarshisida xalq yakdillikda harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Erondagi mazkur qat’iy bayonotlar mintaqadagi siyosiy vaziyat murakkablashib borayotgan bir paytda yangrayotgani bilan ahamiyatlidir. Hozirda dunyo jamoatchiligi Tehronning kelgusidagi amaliy qadamlarini diqqat bilan kuzatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar