
Yaqin Sharqdagi tortishuvlar yanada avj olayotgan bir paytda, Eron oliy rahbari Ali Xomanaiyning xavfsizlik choralari keskin kuchaytirildi. 16 iyun, dushanba kuni Iran International agentligi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotlarga tayanib, Isroilning Islom Respublikasiga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiyasi boshlanganidan bir necha soat o‘tib Xomanaiy maxsus yer osti bunkeriga panoh topganini ma’lum qildi. Manba ta’kidlashicha, bu bunker Tehronning shimoli-sharqidagi Lavizan tumanida joylashgan bo‘lib, unda nafaqat oliy rahbar, balki uning oila a’zolari ham birga.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu bunker oldingi jiddiy nizolar — 2024 yil aprel va oktyabr oylaridagi Isroilga qarshi amaliyotlar paytida ham Xomanaiy uchun asosiy boshpana bo‘lgan. Bu gal ham Eron yetakchisi va uning yaqinlari ehtimoliy havo va raketa zarbalaridan himoya maqsadida shu yerga joylashgani ta’kidlanmoqda.
Aytish kerakki, Isroil xavfsizlik kuchlari bu operatsiyani nafaqat Eronning markaziga, balki mamlakatning uzoq nuqtalarigacha kengaytirmoqda. Xususan, 15 iyun kuni Isroil harbiylari 2,3 ming kilometr uzoqlikdagi Mashhad aeroportiga zarba bergani haqida ham xabarlar tarqaldi. Bu zarba Xomanaiyning “hech qayerda to‘liq xavfsizlik yo‘q” ekanini anglatish uchun amalga oshirilgani aytilmoqda.
Mavzuga AQSHning munosabati ham katta qiziqish uyg‘otdi. Reuters agentligining xabar qilishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Isroil tomonidan Ali Xomanaiyga qarshi amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan suiqasd rejasiga qat’iy veto qo‘ygan. Oq uyning yuqori martabali rasmiylaridan biri: “Eronliklar bitta amerikalikni o‘ldirdimi? Yo‘q. Ular shunday qilmaguncha, siyosiy rahbariyatdan (Eron) hech kimni yo‘q qilish g‘oyasi hatto stolda ham yo‘q”, deya bayonot berdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu esa, AQSHdagi Fox News telekanaliga bergan intervyusida bu xabarlarga mulohaza bildirib, “Hozir hech qachon bo‘lmagan suhbatlar haqida juda ko‘p yolg‘on xabarlar bor va men bunga qo‘shilmoqchi emasman. Biz qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilyapmiz va qilishimiz kerak bo‘lgan ishni qilamiz”, dedi. Shuningdek, u Qo‘shma Shtatlarning manfaatlari o‘zlari uchun qay darajada muhim ekanini biladi, deb qo‘shimcha qildi.
Bu orada, The Wall Street Journal nashri ismini oshkor etmagan isroillik mulozimga tayanib, Xomanaiyga hujum qilish «taqiqlanmagani»ni bildirgan. Ular, agar bu harakat Eronning yadroviy dasturini yo‘q qilishga yordam bersa, mamlakatdagi har qanday strategik va ehtimoliy muhim nishonlarga zarba berishga tayyor ekanini ta’kidlagan.
Yaqin Sharqdagi tortishuvlar fonida, mintaqada xavf va keskinlik yanada ortmoqda. Eron oliy rahbarining bunkerdagi panohxonasi va xalqaro maydondagi siyosiy shaxmat partiyasi voqealar rivojini yanada keskinlashtirishi mumkin. Oqibatlarni esa vaqt ko‘rsatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar