
Eron poytaxti Tehrondagi Imom Humayniy shifoxonasi so‘nggi kunlarda haqiqiy front nuqtasiga aylandi. 15 iyundan buyon shoshilinch yordam bo‘limlarida holat izidan holat qayd etilmoqda — Eron va Isroil o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar shifoxonalardagi tinchlikni parchaladi.
Tibbiyot xodimlari buni “qonli qirg‘in” deb ta’riflamoqda. Yaradorlar oqimi to‘xtamayapti, bo‘limlarda joy yetishmaydi, xodimlar esa tinimsiz xizmatda. Tez yordam shifokorlaridan biri holatni shunday tasvirladi:
“Bino ichida dod-voy, qattiq ovoz va qonli manzara hukmron. Hayot uchun kurashayotganlar va jasadlar bir vaqtning o‘zida keltirilmoqda”.
Eng yomon tomoni — jarohatlanganlar orasida bolalar, o‘smirlar, qariyalar ham bor. Ayrim holatlarda ona bolasini qutqarish uchun kelsa, o‘zining ham jarohatlanganini kech bilib qolmoqda. Ba’zi bemorlarda metall parchalari suyak va yumshoq to‘qimalarga kirib ketgan, boshqalar ichki qon ketishi yoki og‘ir kuyishlar bilan keltirilgan.
Eron sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 16 iyun kuni mamlakat bo‘ylab 1277 kishi kasalxonaga yotqizilgan, ularning 224 nafari hayotdan ko‘z yumgan. Yana dahshatli ma’lumot — qurbonlarning 90 foizdan ziyodi tinch aholi vakillari.
Bir shifokor ta’kidlaganidek, rasmiy raqamlar aslida voqelikni to‘liq aks ettirmaydi. Tehrondagi Humayniy shifoxonasida yengil jarohatlanganlar boshqa klinikalarga o‘tkazilayotgan bir paytda, reanimatsiya bo‘limidagi holat yanada og‘ir. Bemorlar soni va qurbonlar haqidagi aniq ma’lumotlarni jamoatchilikka oshkor qilmaslik buyrug‘i berilgan.
Jurnalistlarning so‘rovlariga ham hukumat rasmiylari javob berishdan bosh tortmoqda. Vaholanki, voqealar tahliliga ko‘ra, har bir soatda yangi jarohatlanganlar kelib tushmoqda va shifoxonalardagi vaziyat kundan kunga keskinlashmoqda.
Eron–Isroil to‘qnashuvi nafaqat harbiy frontda, balki kasalxonalarda ham qurbonlar izini qoldirmoqda. Tehron shifoxonalaridagi fojea insoniy fojianing tirik guvohi bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar