
Xitoy Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish niyatida. Sian shahrida bo‘lib o‘tgan «Xitoy – Markaziy Osiyo» sammitida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Jinping mintaqaviy rivojlanish va aholi turmush farovonligini oshirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Xitoy beshta Markaziy Osiyo mamlakatiga jami 1,5 milliard yuan (taxminan 207 million AQSH dollari) miqdorida bepul moliyaviy ko‘mak ajratadi. Mazkur grant har bir davlatda aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi. Bu esa Xitoyning mintaqada barqaror taraqqiyot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini tasdiqlaydi.
Si Jinping o‘z nutqida ta’kidlashicha, Pekin mintaqaviy munosabatlarni mustahkamlash va xalqlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada chuqurlashtirish tarafdori. Shu maqsadda Xitoy kelgusi ikki yil ichida Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun 3 ming nafar mutaxassisni malaka oshirish kurslarida o‘qitish uchun maxsus kvotalar ajratish niyatida ekanini ham ma’lum qildi.
So‘nggi yillarda Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada mustahkamlanib bormoqda. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 2024-yil yakuniga kelib 95 milliard dollardan oshib ketgan.
Ekspertlar fikricha, bu kabi tashabbuslar Xitoyning geosiyosiy ta’sirini kuchaytirish bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga va yangi loyihalarga zamin yaratishi mumkin.
Xitoyning bunday beg‘araz ko‘magi mintaqada o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi va keng qamrovli hamkorlik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Mazkur grantlar va ta’lim loyihalari nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy sohalarda ham sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi kutilmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar