
Yaqin Sharqdagi keskinlashgan vaziyat fonida Eron Islom Respublikasi oliy rahbari Oyatulloh Ali Xominaiy o‘z xalqi va jahon jamoatchiligiga murojaat bilan chiqdi. Uning bayonoti mamlakat televideniyesi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri efirga uzatildi va asosan AQSH prezidenti Donald Trampning so‘nggi bayonotlariga javob sifatida yo‘naltirilgani bilan e’tibor qozondi.
Xominaiy o‘z nutqida Eron xalqiga nisbatan tahdid tilida gapirish nafaqat behuda, balki xatarli oqibatlarga olib kelishini aniq ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron xalqi "tajovuzkor urushlarga qarshi hamisha kurashib kelgan va majburiy tinchlikka hech qachon ko‘nmagan". Xalqning iradi va irodasi, deya qayd etdi u, "hech qanday tashqi bosim va tahdidlarga bo‘ysunmaydi".
Tasnim axborot agentligi xabar berishicha, Xominaiy AQSHni ogohlantirgan holda shunday dedi:
"Amerikaliklar yaxshi tushunib olishlari kerak: agar Eronga harbiy aralashuv amalga oshiriladigan bo‘lsa, bunday tajovuzning oqibatlari juda og‘ir bo‘ladi. Bu nafaqat Eron armiyasining kuchli javobi, balki xalqning ham qat’iy qarshiligiga duch keladi. Bunday harakat Amerika uchun jiddiy va uzoq muddatli zarar keltiradi".
Bu bayonot AQSH prezidenti Donald Trampning Truth ijtimoiy tarmog‘idagi postiga javob tariqasida berilgan. Unda Tramp Eronni “so‘zsiz taslim bo‘lish”ga chaqirgan va Amerika Eron havo hududini to‘liq nazoratga olganini ma’lum qilgan edi. Prezidentning bu so‘zlari xalqaro maydonda turli mutaxassis va siyosatshunoslar tomonidan keskin baholanmoqda.
Shuningdek, The New York Times nashrining yozishicha, AQSH razvedkasi Eron harbiy kuchlarining harakatlarini zich kuzatmoqda. Maxfiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eron qo‘shma shtatlar tomonidan ehtimoliy harbiy aralashuvga javoban hududdagi Amerika bazalariga qarshi raketalar va boshqa qurollarni tayyorlab qo‘ygan. Bu esa nafaqat Iroqdagi, balki Yaqin Sharq mintaqasidagi boshqa harbiy nuqtalar uchun ham xavfli signal sifatida baholanmoqda.
ABC News nashri esa o‘z manbalariga tayanib xabar berdiki, AQSH hukumati yaqin 24–48 soat ichida hal qiluvchi qaror qabul qilishi kutilmoqda. Bu qaror ikki yo‘ldan birini o‘z ichiga oladi: diplomatik tarzda mojaroni bartaraf etish yoki Isroilning harbiy amaliyotlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘shilish.
Tahlilchilar ta’kidlashicha, agar Vashington harbiy variantni tanlasa, u holda Yamandagi Eron tarafdorlari — husiy guruhlari Qizil dengizdagi Amerika kemalariga qarshi hujumlarni qayta boshlashi mumkin. Shuningdek, Eron Fors ko‘rfazidagi strategik muhim joy — Hurmuz bo‘g‘ozini minalashtirish orqali AQSH kemalarining harakatini cheklash yo‘liga ham o‘tishi mumkin.
Andrea Gizelli kabi xalqaro ekspertlar bu vaziyatda Xitoyning pozitsiyasi ham o‘ta ahamiyatli ekanini ta’kidlamoqda. Chunki Erondagi beqarorlik Pekinning energetika va iqtisodiy manfaatlariga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bundan kelib chiqib, Xitoy Eronni diplomatik yo‘ldan qolmaslikka chaqirishi ehtimoldan xoli emas.
Joriy vaziyat xalqaro miqyosda jiddiy e’tiborga tushayotgani fonida, Oyatulloh Xominaiyning bu bayonoti nafaqat Eron ichida, balki butun dunyoda jiddiy mulohaza va tahlillarga sabab bo‘lmoqda. Eron rahbarining bu qat’iy chiqishi mamlakatning tashqi tajovuzlarga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar