date

Rossiya Finlandiya chegarasida 100 minglik armiya jamlayapti

Rossiya Finlandiya chegarasida 100 minglik armiya jamlayapti
Rossiya va Finlyandiya o‘rtasidagi chegara yaqinida harbiy faollik keskin ortmoqda. Fin axborot agentligi Yle tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Kandalaksha shahrida yangi harbiy garnizon qurilishini boshladi va bu orqali o‘zining chegarabo‘yi mudofaa imkoniyatlarini jiddiy mustahkamlamoqda.

Lupche-Savino nomli harbiy garnizon hududida qazish ishlari olib borilib, sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida yangi binolar barpo etilgani aniqlangan. Murmansk viloyati rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, bu hududda to‘liq yangi artilleriya brigadasi uchun harbiy shaharcha barpo etilmoqda. Bu — Rossiya tomonidan ochiq ifoda etilayotgan strategik qadamlardan biri hisoblanadi.

Yle ta’kidlashicha, garnizonning faqat ombor sifatida ishlatilishi tugatilib, endi u yerda muhandislik brigadasining bo‘limlari ham joylashtirilishi kutilmoqda. Bu o‘zgarishlar sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ancha vaqtdan beri qayd etib kelinmoqda.

Kareliyadagi yana bir muhim nuqta — Sapernoye garnizonida esa katta miqdorda yangi texnika va uskunalar aniqlangan. Jurnalistik tahlillarga ko‘ra, bu faollik ikki asosiy omil bilan bog‘liq. Birinchisi — frontga, ya’ni Ukrainaga jo‘natiladigan harbiylar va texnika uchun tayyorgarlik. Ikkinchisi — Finlandiya bilan chegara hududida Rossiyaning uzoq muddatli harbiy rejalari.

Qolaversa, Sankt-Peterburg atrofida joylashgan brigadalarning tarkibiy tuzilmasi o‘zgarmoqda: ularning aksariyati bo‘linmalarga aylantirilib, soni ikki yoki uch barobar oshirilmoqda. Bu esa butun mintaqa bo‘yicha harbiy kuchning jiddiy kengayishini anglatadi.

Murmansk viloyati gubernatori Andrey Chibisning ma’lumot berishicha, hozirda mintaqadagi harbiy shaharchalarni modernizatsiya qilish loyihasiga 42 milliard rubl (taqriban 460 million yevro) ajratish rejalashtirilgan. Buning natijasida nafaqat yangi harbiy obyektlar barpo etiladi, balki mavjud infratuzilma ham zamonaviylashtiriladi.

Avvalroq, Finlandiya chegarasi yaqinida 44-armiya korpusi tashkil etilayotgani ham ma’lum qilingan edi. Bu yangilik Rossiyaning ushbu hududdagi armiyasini kamida 15 ming nafarga oshirishini anglatadi. Shuningdek, Petrozavodskda yangi temiryo‘l qo‘shinlari brigadasi tuzilib, uning tarkibiga shtab-kvartira va bir batalyon kiradi. Bundan tashqari, shaharda aralash aviatsiya bo‘linmasi ham shakllantirilgani qayd etilgan.

Agar keng ko‘lamli Ukraina urushi boshlanishidan oldin Rossiyaning Fin chegarasi yaqinidagi harbiy kuchlari 30 ming nafar atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirdagi qurilishlar, qayta tuzilmalar va modernizatsiya ishlari natijasida bu raqam 100 minggacha yetishi mumkin.

Shunday qilib, Rossiya nafaqat Ukraina frontida, balki Yevropaning shimolida ham o‘z harbiy mavqeini oshirish, chegaradagi barqarorlikka yangi bosimlar ostida yondashish niyatida ekanini yashirmayapti. Fin ekspertlari va tahlilchilar bu holatni jiddiy xavotir bilan kuzatmoqda. Bu esa butun mintaqa xavfsizligi uchun yangi geosiyosiy bosqichni boshlab berishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Finlandiya chegarasida 100 minglik armiya jamlayapti