date

Rossiya va O‘zbekiston migratsiya va yoshlar masalalarida strategik hamkorlikni kuchaytirmoqda

Rossiya va O‘zbekiston migratsiya va yoshlar masalalarida strategik hamkorlikni kuchaytirmoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin dunyoning yetakchi axborot agentliklari rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida migratsiya hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi. Putin o‘z so‘zida O‘zbekistonda aholi o‘sishi va mehnat bozoridagi muammolarni hal qilish uchun ikki davlat o‘zaro hamkorlikda ish olib borishini ta’kidladi.

«O‘zbekistonda 30 yil avval 15-18 million odam yashagan bo‘lsa, hozir aholi soni 38 milliondan oshib ketdi. Bu har yili taxminan 1 millionga ko‘payib bormoqda. Demak, o‘zgarishlar juda tez sur’atda ro‘y bermoqda», — dedi Putin.

Rossiya rahbari mehnat bozori va ijtimoiy sohalardagi muammolarni o‘zaro kelishuv asosida hal etish zarurligini qayd etdi: «Prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan migratsiya masalalarini birgalikda yechishga kelishib oldik. Rossiyada ishlash istagida bo‘lganlarni oldindan tayyorlash va yo‘lga qo‘yish masalalarida hamkorlik qilishimiz shart. Bu nafaqat rus tili va madaniyatini o‘rganish, balki umumiy reja bo‘yicha aniq ishlarni o‘z ichiga oladi. Umid qilamanki, ushbu loyihalarni birga amalga oshiramiz».

Putin yoshlar bilan ishlash ham strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. U, ayniqsa, Rossiya va O‘zbekiston yoshlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilganini bildirib o‘tdi: «Yoshlar bilan ishlash muhim va juda qimmatli. Bu yo‘nalishda ikki mamlakat o‘rtasida faol muloqot yo‘lga qo‘yilgan. Bilishimcha, Shavkat Miromonovichning yordamchisi Saida Shavkatovna Moskvada bo‘lib, Rossiya hukumat va Prezident administratsiyasidagi hamkasblar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan. Prezident topshirig‘i asosida, yoshlar o‘rtasida aloqalarni kengaytirish, yangi loyihalar va tashabbuslarni rivojlantirish maqsad qilingan».

Rossiya prezidenti ikki davlat o‘rtasidagi yoshlar yo‘nalishi eng muhim ustuvorliklardan biri ekani va bu borada aniq takliflar ishlab chiqilayotganini ham ta’kidladi.

Shu tariqa, Rossiya va O‘zbekiston nafaqat migratsiya, balki yoshlar siyosati va ma’naviy-ma’rifiy aloqalar sohasida ham strategik hamkorlikni kuchaytirish, umumiy maqsadlar sari birgalikda harakat qilishga qaror qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya va O‘zbekiston migratsiya va yoshlar masalalarida strategik hamkorlikni kuchaytirmoqda