date

Yevropa Eronni halokatdan qutqarmoqdami? Jenevada muhim muzokaralar o‘tdi

Yevropa Eronni halokatdan qutqarmoqdami? Jenevada muhim muzokaralar o‘tdi
Jenevada Eron va Yevropa davlatlari o‘rtasida shiddatli muzokaralar bo‘lib o‘tdi. 20 iyun kuni Shveysariyaning Jeneva shahrida Eron va “Yevrotrio” (Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya) hamda Yevropa Ittifoqi diplomatlari ishtirokida yuzma-yuz uchrashuv amalga oshirildi. Bu haqda nufuzli “Financial Times” nashri xabar berdi.

Bu uchrashuv Isroilning 13 iyun kunidan boshlab Eronga qarshi harbiy operatsiyalarini boshlaganidan keyin Tehronning G‘arb diplomatlari bilan o‘tkazgan ilk rasmiy muloqoti bo‘ldi. Muzokaralar asosan Eronning yadroviy dasturi va ballistik raketalarga oid faoliyati yuzasidan olib borildi.

G‘arb Eronni muzokaraga qaytarmoqda

Muzokaralar aynan shu vaqtda — AQSH Prezidenti Donald Tramp Isroilga qo‘shimcha harbiy yordam yuborish masalasini muhokama qilish uchun ikki haftalik tanaffus olgan paytga to‘g‘ri keldi. Muxlislar va siyosiy tahlilchilar buni tasodif deb hisoblamaydi.

Ekspertlar ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil har kuni Eron bilan urushda taxminan 200 million dollargacha mablag‘ yo‘qotmoqda. Bu esa Isroilning uzoq davom etadigan harbiy harakatlarni mustaqil tarzda davom ettirish imkoniyatini jiddiy sinovga qo‘yayotganini anglatadi.

Yevropa: "Boshqacha yo‘l bor"

Yevropa Ittifoqi va “Yevrotrio” davlatlari ushbu uchrashuvni Eronni siyosiy yechimga undash, mintaqadagi keskinlikni yumshatish va uni AQSH bombardimonlaridan himoya qilish imkoniyati sifatida baholamoqda.

“The Washington Post” nashrining diplomatik manbalariga ko‘ra, Eron bugungi kunda o‘zining so‘nggi yillardagi eng zaif holatiga tushgan va aynan shu holat G‘arb uchun uni muzokaralarga qaytarishda nodir imkoniyat yaratgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron esa muzokaralar muhimligiga alohida urg‘u berib, shunday degan:

“Yadroviy inqirozni faqat harbiy zarbalar orqali hal etib bo‘lmaydi. Erondagi ba’zi obyektlar qattiq himoyalangan. Shu bilan birga, hech kim 60 foiz boyitilgan uran aynan qayerda ekanini aniq bila olmayapti. Bizga texnik nazorat va siyosiy kelishuv kerak.”

Isroil-Eron urushida halokatli yo‘qotishlar

Ma’lumotlarga ko‘ra, 13 iyun kuni Isroil Eronning bir nechta shaharlariga – yadroviy inshootlar va yuqori darajali harbiy rahbarlar joylashgan nuqtalarga keng ko‘lamli havo zarbalarini amalga oshirdi. Bu hujum natijasida Eron bosh shtabi rahbari, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IRGC)ning yuqori lavozimli qo‘mondonlari, to‘qqiz nafar yetakchi yadro olimi va boshqa muhim shaxslar halok bo‘ldi.

Eron rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, 13 iyundan buyon mamlakatda kamida 585 kishi halok bo‘lgan, 1300 dan ortiq fuqaro tan jarohati olgan.

Javob tariqasida Eron Isroilga nisbatan ballistik raketalar bilan zarba berdi. Oqibatda 24 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ziyod odam jarohatlangani ma’lum qilindi.

Jeneva muzokaralari xalqaro siyosiy sahnada muhim burilish nuqtasiga aylanishi mumkin. Yevropa tomonining harakatlari nafaqat mintaqadagi keskinlikni yumshatish, balki keng qamrovli yadroviy muammoni tinch yo‘l bilan hal etishga bo‘lgan intilish sifatida baholanmoqda. Shu bilan birga, bu muzokaralar Eron uchun yana bir bor dunyodagi izolyatsiyadan chiqish imkoniyatini berishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevropa Eronni halokatdan qutqarmoqdami? Jenevada muhim muzokaralar o‘tdi