date

Tinchlik soyasida yadroviy tahdid: Kimda, qancha va qayerda?

Tinchlik soyasida yadroviy tahdid: Kimda, qancha va qayerda?
So‘nggi yillarda Isroil va Eron o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar, shuningdek, AQSH prezidenti Donald Trampning Eronning yadro inshootlariga bergan zarbalari butun dunyo e’tiborini yana yadro qurollariga qaratdi. Xususan, qaysi davlatlar yadro qurollariga ega ekani va bu qurollar qayerda saqlanayotgani yana dolzarb masalaga aylandi.

Dunyoda nechta davlat yadro quroliga ega?
2025-yil boshiga kelib, dunyoda jami 9 ta davlat yadro qurollariga egaligi taxmin qilinmoqda. Bular: Rossiya, AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Pokiston, Shimoliy Koreya, Isroil

Rossiya va AQSH butun dunyo yadroviy arsenalining 87 foiziga egalik qiladi. Qolgan 7 davlat esa jami yadroviy qurollarning taxminan 13 foizini saqlaydi.

Yadro qurollari soni va joylashuvi
Jami yadro qurollari soni: taxminan 12 241 ta
9 614 ta harbiy maqsadlar uchun saqlanmoqda.

Shundan 3 912 tasi to‘liq joylashtirilgan va foydalanishga tayyor holatda (strategik raketalar, bombardimonchi samolyotlar va qisqa masofali tizimlarda).

Yadro qurollari joylashuvi aniq ochiqlanmagan. Faqat AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya o‘z arsenal hajmini rasmiy ravishda oshkor qilgan. Boshqa davlatlar bu borada sukut saqlaydi.

Isroil yadro quroliga egalik qilayotganini rasmiy tasdiqlamagan. Ammo ekspertlar bu davlatda taxminan 90 ta yadro quroli bor deb hisoblashadi.

Qaysi davlatlar boshqa davlatning yadro qurollarini joylashtirgan?
Ayrim davlatlar o‘z hududida boshqa davlat – aynan AQSH yoki Rossiya – yadro qurollarini saqlashga ruxsat bergan.

AQSH yadroviy qurollarini quyidagi davlatlarda saqlaydi:
Germaniya, Belgiya, Niderlandiya, Italiya, Turkiya

Bu besh davlatda AQSHga tegishli taxminan 100 ta yadro quroli mavjud. Ushbu qurollar AQSH nazoratida bo‘lib, ular NATO doirasidagi mudofaa ittifoqining bir qismi sifatida saqlanadi.

Rossiya esa, 2023-yil mart oyida, o‘zining taktik yadro qurollarini Belarusga joylashtirishini e’lon qilgan. Biroq 2025-yilgi hisobotlarda bu joylashtirish hali aniq tasdiqlanmagan deb qayd etiladi.

Kelajakda yadro qurollari soni oshadimi?
Sovuq urush davrida dunyoda 70 mingga yaqin yadro quroli mavjud bo‘lgan. So‘nggi o‘n yilliklarda yadro qurollari soni kamayib bordi. Ammo bugungi geopolitik tangliklar — jumladan, Ukraina urushi, Eron-Isroil mojarosi va Xitoy-Tayvan tarangligi — bu tendensiyaga barham berishi mumkin.

Ekspertlar fikricha, hozirda dunyo yangi yadro qurollanish poygasiga kirib bormoqda. Har bir davlat yadro qurollarini xavfsizlik kafolati sifatida ko‘rmoqda. Shu bilan birga, bu qurollar tinchlikni ta’minlay olishiga shubha bilan qaralayapti.

Misol uchun, Isroilning yadro arsenaliga egaligi Eron yoki boshqa qurolli guruhlarni hujumdan to‘xtatmagan. Shuningdek, Rossiyaning yadroviy tahdidlariga qaramay, G‘arb davlatlari Ukrainani qo‘llashda davom etmoqda. Bu esa klassik “yadro to‘sqinligi nazariyasi”ning samaradorligiga savollar tug‘dirmoqda.

Bugungi kunda dunyoda faqat 9 ta davlat yadro quroliga ega bo‘lsa-da, bu qurollarning taqsimoti va xavfsizligi global barqarorlik uchun katta ahamiyatga ega. Harbiy to‘qnashuvlar kuchayib borayotgan bir paytda, yadroviy qurollar sonining kamayishi emas, balki ortishi xavfi mavjud. Bu esa butun insoniyat uchun jiddiy tahdid bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tinchlik soyasida yadroviy tahdid: Kimda, qancha va qayerda?