date

Viktor Orban: Ukraina YEI va NATOga kirsa, Yevropa urushga tortiladi

Viktor Orban: Ukraina YEI va NATOga kirsa, Yevropa urushga tortiladi
Yevropa siyosiy sahnasida eng shiddatli va bahsli mavzulardan biri — Ukrainaning Yevropa Ittifoqi va NATOga qo‘shilishi. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bu masalada keskin va aniq pozitsiya bildirmoqda. Uning fikricha, Ukrainaga YEI yoki NATOdan joy berish Yevropa qit’asi uchun qaynoq nuqtaga aylanishi, G‘arb davlatlarini Rossiya bilan ochiq to‘qnashuv yo‘liga yetaklashi mumkin.

Viktor Orban Facebook'dagi sahifasida shunday yozdi:
“Agar Yevropa Ittifoqi Ukrainani o‘z safiga qo‘shsa, bu Yevropa uchun darhol ochiq urush boshlanishini anglatadi. O‘t ochish to‘xtatilgandan keyin ham Yevropa va Rossiya o‘rtasida doimiy urush xavfi paydo bo‘ladi.”

U shuningdek, NATOga a’zolik masalasini ham to‘xtaldi:
“Agar Ukraina NATOga qo‘shilsa, Rossiya bilan urush darhol boshlanishi mumkin. Bu uchinchi jahon urushi xavfini yanada oshiradi.”

Vengriya rahbari mamlakatning asosiy xavfsizlik manfaatlarini himoya qilish nuqtayi nazaridan, Ukraina bilan umumiy integratsiya tuzilmasining bir qismi bo‘lishni mumkin emas, deb hisoblaydi.

Bu keskin bayonotlar fonida nafaqat NATO va YEI sammitlari, balki Budapeshtdagi siyosiy va jamoat arboblarining Ukrainaga qo‘llab-quvvatlovchi deklaratsiyasi ham muhim o‘rin tutdi. Deklaratsiyada Rossiyaga qarshi ayblovlar va Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish talablari mavjud. Shu bilan birga, Vengriya hukumatining YEIga qo‘shilishga qarshi chiqishi tanqid qilindi.

Viktor Orban esa bu tanqidlarga shunday javob berdi:
“Deklaratsiyani imzolaganlar Vengriya manfaatlarini inobatga olmayapti. Ular Rossiya-Ukraina urushi davom etar ekan, har kuni Rossiya manfaatlariga beixtiyor xizmat qilishmoqda. Shuningdek, ular Yevropa Ittifoqi manfaatlarini noto‘g‘ri talqin qilishmoqda.”

Orban ta’kidlaydiki, Vengriya hukumati ushbu mojaroning boshidanoq uni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori bo‘lib kelgan. Ukraina armiyasiga qurol-yarog‘ yetkazib berishda ishtirok etmagan, biroq Rossiyaning tajovuzkor harakatlarini qoralagan va Ukraina suverenitetini tan olgan. Shu bilan birga, Vengriya Ukrainaga iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatib, qochqinlarni qabul qilgan.

Yevropa Ittifoqi va NATOda esa Ukrainaga qo‘shilish masalasida qarama-qarshi fikrlar hali ham davom etmoqda. Viktor Orbanning bunday qat’iy bayonoti Yevropa xavfsizlik siyosatida katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Viktor Orban: Ukraina YEI va NATOga kirsa, Yevropa urushga tortiladi