
Joriy yil boshidan beri Rossiya harbiy-havo kuchlariga tegishli samolyotlar tomonidan mamlakat hududi va bosib olingan Ukraina yerlariga umumiy hisobda 94 ta aviabomba tashlab yuborilgan. Bu haqda “Astra” axborot manbasi xabar tarqatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holatlar asosan Ukraina bilan chegaradosh hududlar va 2014 yildan buyon Rossiya nazoratida bo‘lgan Donetsk hamda Lugansk viloyatlarida qayd etilgan. Aviabombalardan 87 tasi standart, 7 tasi esa yuqori aniqlikka ega “aqlli” bombalar bo‘lgan. Shuningdek, 3 ta raketa ham noaniq sabablarga ko‘ra tushib ketgan.
Oxirgi bunday hodisa 21 iyun kuni Donetsk viloyatining Kalmius tumanidagi Dokuchayevsk shaharchasi yaqinida sodir bo‘ldi. Rossiya samolyotidan tushib ketgan 500 kilogrammlik FAB-500 bombasi Yangi Olenovka qishlog‘idagi turli xonadonlarga zarar yetkazdi — uylar tomlari shikastlanib, derazalar singan. Yaxshi tomoni shundaki, hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan.
11 iyun kuni esa shunga o‘xshash bomba Rossiyaning Kursk viloyatidagi Dolgiy Kolodez qishlog‘i hududiga tushib, katta krater hosil qilgan.
Tahlillariga ko‘ra, faqatgina 2 iyundan 21 iyungacha bo‘lgan oraliqda Rossiya harbiy aviatsiyasi tomonidan kamida 10 ta bomba chegaraga yaqin joylarga tushib ketgan. Ulardan ikkitasi Debalsevo yaqiniga, ikkitasi Makeyevka atrofiga, ikkitasi Belgorod viloyatiga, qolganlari esa Chernuxino, Volnovaxa va Yasinovataya atrofiga tushgan.
2024 yilning o‘zida Rossiya hududi va unga qaram bo‘lgan Ukraina yerlariga kamida 165 ta bomba tushib ketgan. Bu holatlar texnik nosozliklar yoki inson omili bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Bunday vaziyatlar xavfsizlik nuqtayi nazaridan jiddiy tahlikalarga sabab bo‘lmoqda. Mutasaddi idoralar esa hozircha rasmiy izoh bermagan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar