date

Isroil generali: “Eronga qarshi urush hali tugamadi”

Isroil generali: “Eronga qarshi urush hali tugamadi”
Yaqin Sharqdagi ziddiyatlar fonida Isroil armiyasi rahbariyatidan muhim bayonot yangradi. Isroil Qurolli Kuchlari bosh shtabi rahbari, general Eyal Zamir 12 kun davom etgan keskin to‘qnashuvlardan so‘ng o‘z pozitsiyasini ochiq bayon qildi. Uning ta’kidlashicha, harbiy harakatlarning bir bosqichi yakunlangan bo‘lsa-da, Eronga qarshi kurash butunlay yakunlanmagan.

“Muhim bobni yakunlayapmiz, ammo Eronga qarshi urush tugamadi. Biz hozir harbiy harakatlarda qo‘lga kiritilgan natijalarga tayangan holda yangi bosqichga o‘tmoqdamiz”, – dedi general Zamir Iran International'ga bergan izohida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 12 kun mobaynida Isroil armiyasi Eronning strategik yadroviy inshootlari va raketalarga oid infratuzilmasini jiddiy ravishda zararsizlantirgan. Bundan tashqari, frontorti qo‘mondonlik va harbiy bo‘linmalarning yuksak tayyorgarligi ushbu operatsiya muvaffaqiyatiga turtki bo‘lganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Zamir kelgusi jarayonlar yanada talabchan va xavfli bo‘lishini ta’kidlab, mamlakat harbiylari ehtiyotkorlik va ogohlikni yo‘qotmasligi kerakligini urg‘uladi.

“Biz endi G‘azo sektoriga diqqat qaratib, undagi barcha garovga olinganlarni ozod etish, HAMASning nazoratini bartaraf etish va mintaqada barqarorlik o‘rnatishni maqsad qilmoqdamiz”, — dedi u.

Ushbu bayonot AQSH prezidenti Donald Tramp 24 iyun kuni Isroil va Eron o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni to‘xtatishga erishilganini e’lon qilganidan so‘ng keldi. Shu kunning o‘zida Eron Milliy xavfsizlik kengashi ham sulhga erishilganini tasdiqladi va Isroil ustidan “strategik g‘alaba” qo‘lga kiritilganini ma’lum qildi.

Ammo Zamirning so‘zlari shundan dalolat bermoqdaki, bu faqat tanaffus, urushning tugashi emas. Ta’bir joiz bo‘lsa, harbiy harakatlar “ikkinchi bo‘lim” arafasida.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroil generali: “Eronga qarshi urush hali tugamadi”
-->