
Nyu-York shahridagi Demokratlar partiyasi praymerizida sensatsion natija qayd etildi. Amerika Demokratik Sotsialistlaridan bo‘lgan musulmon nomzod Zohran Mamdani Nyu-Yorkning sobiq gubernatori Endryu Kuomoni mag‘lub etdi. Bu haqda CNN xabar tarqatdi.
Saylov byulletenlarining 90 foizi sanab chiqilgan holda Mamdani 44 foiz ovoz to‘pladi, Kuomo esa 36 foizda qoldi. Mamdanining bu yutug‘i uni Nyu-York merligi uchun asosiy nomzodlar qatoriga olib chiqdi.
33 yoshli Zohran Mamdani ijtimoiy adolat, arzon yashash sharoiti, ijara narxlarini to‘xtatish, bepul jamoat transporti va shahar oziq-ovqat do‘konlarini tashkil etish kabi takliflari bilan yoshlar orasida katta qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘ldi. Bu loyihalarning moliyalashtirilishi korporatsiyalar va yuqori daromadli shaxslardan 10 milliard dollar miqdorida yangi soliq undirish orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Qizig‘i shundaki, Demokratik partiyaning yirik donorlari va siyosiy elita Kuomoni qo‘llab-quvvatlaganiga qaramay, u yetakchilikni saqlab qola olmadi. Mamdani o‘zining populist va faol kampaniyasi bilan ayniqsa yosh saylovchilar qalbini qozona oldi.
Saylov oldidan Emerson markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma Mamdani va Kuomo orasidagi farq statistik jihatdan ancha yaqin ekanini ko‘rsatgan edi. Aytish kerakki, ovoz berishga to‘rt hafta qolganida Kuomo raqibidan 12 foiz ustun bo‘lgan.
Endryu Kuomo mag‘lubiyatga qaramay, mustaqil nomzod sifatida saylovda ishtirok etish imkonini rad etmadi. Hozirgi mer Erik Adams ham mustaqil tarzda saylovga qo‘shilishini e’lon qildi. Respublikachilar esa bu saylovda “Guardian Angels” tashkiloti asoschisi Kertis Slivani ilgari surmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Nyu-Yorkda saylovlar reytingli ovoz berish tizimi asosida o‘tkaziladi. Bu usulda hech bir nomzod 50 foizdan ortiq ovoz olmasa, eng kam ovoz to‘plaganlar chiqarib tashlanib, ularning ovozlari keyingi tanlangan nomzodga o‘tadi. Bu jarayon g‘olib aniqlanmaguncha davom etadi.
Ma’lumot uchun, Zohran Mamdani Ugandaning Kampala shahrida tug‘ilgan, hind musulmon ota-ona farzandi. AQSH fuqaroligini 2018 yilda olgan. U shia mazhabining 12 imom oqimiga mansub. Mamdani Bovdoin kollejini Afrika tadqiqotlari yo‘nalishida tamomlab, o‘qish davrida Falastinda adolatni qo‘llab-quvvatlovchi talabalar guruhini tashkil etgan.
Agar u saylovda g‘olib chiqsa, Nyu-York tarixidagi birinchi musulmon merga aylanadi. Mamdani ilgari saylovchilar bilan uchrashuvda, agar Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Nyu-Yorkka keladigan bo‘lsa, uni hibsga olish choralarini ko‘rish niyati borligini bildirgandi.
Yakuniy saylov 2025 yil 4 noyabrda bo‘lib o‘tadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar