
Yaqin kelajakda dronlar nafaqat razvedka vositasi, balki to‘laqonli kurash quroliga aylanishi mumkin. Yevropa Ittifoqi Rossiyaning ehtimoliy harbiy tahdidiga javoban butunlay yangi mudofaa doktrinasini shakllantirmoqda. Bu haqda Yevropa Komissiyasining mudofaa va kosmos bo‘yicha mas’ul komissari Andryus Kubilyus jiddiy bayonot berdi, deb xabar berdi euronews.com.
Uning fikricha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin agar NATO a’zosi bo‘lgan biron mamlakatga hujum qilishni buyursa, Yevropa davlatlari “janglarda pishgan” va dron texnologiyasini chuqur o‘zlashtirgan qudratli armiyaga qarshi kurashishiga to‘g‘ri keladi.
Kubilyus shunday deb ta’kidladi:
“Rossiya dronlar ishlab chiqarish salohiyatini yiliga 5 million donaga yetkazishi mumkin. Agar biz bu raqamga yaqinlashmasak, qarama-qarshilikda ustunlikka erishish mumkin emas.”
U, ayniqsa, Ukrainadagi front chizig‘ida “o‘lim vodiysi” deb nomlangan zona paydo bo‘lganini ta’kidlab o‘tdi. U yerda hech qanday jism, hatto tank ham dronlar nazoratidan omon qololmaydi. Kubilyusning ta’rificha, tanklar bu hududda bor-yo‘g‘i 6 daqiqa “tirik” qolishi mumkin.
Faqat ombordagi dron yetarli emas
Mudofaa sohasidagi ko‘plab ekspertlar kabi Kubilyus ham bir nuqtaga alohida e’tibor qaratmoqda — dronlarni omborda saqlash bilan muvaffaqiyat qo‘lga kiritib bo‘lmaydi. Chunki zamonaviy harbiy sharoitda dronlar doimiy ravishda yangilanishi, qayta moslashtirilishi va frontdagi vaziyatga mos ravishda modernizatsiya qilinishi kerak. Bu esa faqat ishlab chiqaruvchi mutaxassislar, muhandislar va pilotlardan iborat doimiy ishchi guruhlar mavjud bo‘lsa, amalga oshadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa dronlar soni bilangina emas, ishlab chiqarishdagi elastiklik, real vaqtda moslashuvchanlik va strategiyaviy ustunlik orqali raqobatga kirishi lozim.
NATO hali hozircha tayyor emas
Biroq, hozirgi kunda NATO davlatlari shunday keng ko‘lamdagi dron hujumiga qarshi to‘liq tayyor emas. Bu haqda Alpine Eagle startapi bosh direktori Yan-Xendrik Byolens ta’kidladi. U Ukraina uchun dronlar ishlab chiqarayotgan nemis kompaniyasida faoliyat olib boradi va frontdagi real talabni yaxshi biladi.
Mudofaa xarajatlari keskin oshiriladi
Bu borada NATO Bosh kotibi Mark Ryutte ham kerakli bayonot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, havo hujumidan mudofaani kamida besh barobar kuchaytirish talab etiladi. Shuningdek, dron texnologiyalariga katta sarmoya yo‘naltirilishi shart.
25 iyun kuni bo‘lib o‘tgan NATO sammitida esa muhim kelishuvga erishildi: 2035 yilgacha har bir a’zo davlat harbiy xarajatlarini yillik yalpi ichki mahsulotning kamida 5 foizigacha yetkazishi lozim. Bu Yevropa xavfsizligiga strategik yondashuv sifatida baholanmoqda.
Dronlar urushning markaziy quroliga aylanmoqda
Fakt shuki, Ukrainadagi urush dronlarning faqat razvedka vositasi emasligini butun dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi. Endi esa Yevropa bu texnologiyada raqobatbardosh bo‘lish uchun ishlab chiqarishni kuchaytirish, maxsus loyihalarni yo‘lga qo‘yish va dronlar orqali himoya konsepsiyasini shakllantirishga harakat qilmoqda.
Nima bo‘lganda ham, dronlar zamonaviy urushning “og‘ir artilleriyasi”ga aylanib bo‘ldi. Yevropa endi bu voqelikka ko‘z yumib turolmaydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar