
AQSH prezidenti Donald Tramp davlat chegarasini qonuniy asosda kesib o‘tmagan ayrim shaxslar uchun mamlakatda vaqtinchalik qolib, qishloq xo‘jaligi hamda mehmonxona sohalarida rasmiy tarzda ishlash imkonini yaratish masalasini muhokama qilmoqda, deb xabar berdi nytimes.com.
Tramp o‘z so‘zlarida ta’kidladiki, hujjatsiz, ya’ni noqonuniy migrantlarni ishidan voz kechish, mamlakatning qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish tarmoqlariga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Prezident xususan fermerlar va mehmonxona sohasi egalari bunday arzon ishchi kuchi yetishmasligidan qiynalishini aytib o‘tdi.
Shu sababli, Tramp davlatga hujjatsiz kirib kelgan fuqarolarga maxsus “vaqtinchalik yo‘llanma” berish taklifini ilgari surmoqda. Bu yo‘llanma ularga faqat ishlash va rasman soliq to‘lash huquqini berishi kerak, lekin AQSH fuqaroligini olish imkoniyatini taqdim etmaydi.
“Fermerlar bu ishchilar uchun to‘liq javobgarlikni zimmasiga olishi mumkin. Ular fuqarolik olmaydi, ammo ishlab, soliq to‘laydi”, – dedi prezident.
Ayni paytda, Oq uy bu tashabbusning aniq mexanizmini ma’lum qilmadi. Ichki xavfsizlik departamenti va AQSH fuqarolik hamda immigratsiya xizmati esa Trampning bayonoti yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi. Bu esa, jamoatchilik va mutaxassislar orasida savollar uyg‘otishda davom etmoqda.
Ma’lumki, Tramp ilgari prezidentlikka kirishgan paytida bir millionga yaqin noqonuniy migrantni mamlakatdan chiqarib yuborish niyati borligini bildirgan edi. Ammo endi taklif etilayotgan “vaqtinchalik yo‘llanma” tizimi mamlakatdagi qatiy immigratsiya siyosatining biroz yumshatilishi sifatida baholanyapti.
Bu holatda, Qo‘shma Shtatlarda noqonuniy migrantlar taqdiri yana markaziy mavzuga aylandi. Yaqin orada, Oq uy va mas’ul tashkilotlar tashabbusning amaliy jihatlari bo‘yicha aniqroq ma’lumot berishi kutilmoqda.
Yangi taklifning qanday qabul qilinajagi va amalga oshish-oshmasligi hozircha noma’lum, ammo mamlakatda mehnatga bo‘lgan talab hamon yuqori bo‘lib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar