
Xitoyning Gansu viloyatida joylashgan xususiy "Peysin" maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan hodisa butun mamlakat bo‘ylab keng jamoatchilik e’tiborini qozondi. Bir qarashda bezakli taomlar orqali bolalarga xursandchilik ulashish niyatida qilingan ish, afsuski, yuzlab bolalar salomatligiga katta zarar yetkazdi.
Joriy yilda Tyanshuy shahridagi ushbu bolalar bog‘chasida 233 nafar bolada yuqori darajadagi qo‘rg‘oshin zaharlanishi qayd etildi. Bu holat oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi jiddiy nazoratsizlik va mas’uliyatsizlikning ayanchli oqibatlaridan biri bo‘lib qoldi.
Gazakka aylangan xavf: qizil xurmo pirogi va kolbasali bulochka
Bolalar tomonidan iste’mol qilingan qizil xurmo pirogi va kolbasali jo‘xori bulochkasi tarkibidan olingan namunadagi qo‘rg‘oshin miqdori milliy me’yordan ming marta oshiq ekani aniqlandi. Aniq raqamlar bo‘yicha qizil xurmo pirogida 1052 mg/kg va jo‘xori bulochkasining tarkibida 1340 mg/kg qo‘rg‘oshin moddasi aniqlangan. Mazkur me’yor esa 0.5 mg/kgni tashkil etadi — bu esa ularni inson organizmi uchun juda katta xavfli mahsulotlar deb hisoblashga asos bo‘ladi.
Taxminlarga ko‘ra, taomlar bezatilishi uchun foydalanilgan bu rangli moddalar internet orqali xarid qilingan va uning tashqi idishida ochiq-oydin qilib "iste’mol uchun mo‘ljallanmagan" deb yozilgan bo‘lgan.
Ota-onalar tashvishda: zahar ta’siri bolalarni kuchsizlantirmoqda
Ko‘plab bolalar mart oyidan beri qorin og‘rig‘i, oyoqlarida og‘riq va ishtaxaning yo‘qolishi kabi alomatlardan shikoyat qilmoqda. Bu esa moddalarning tanada jamg‘arilib borishiga ishora qiladi. Shu kabi belgilari bor bolalar ota-onalari tashvishga tushib, bolalarni tekshirish uchun shifoxonalarga olib borishni boshladi.
Ota-onalardan biri, Liu janoblari, o‘z farzandini Xitoyning Sian shahridagi shifoxonaga olib borganini ma’lum qildi. Natijada bolaga 10 kun davomida shifokor nazorati va maxsus dori-darmonlar tavsiya etildi.
Oshxonadagi kamera: halokatga yetaklovchi lahzalar tasvirga olingan
Mahalliy politsiya tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvlar natijasida oshxonaning kuzatuv kamerasida olingan videolar televideniye orqali namoyish etildi. Unda oshpazlar ovqat tayyorlash jarayonida taomlarga maxsus bo‘yoq modda qo‘shgani aniq namoyon bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda bolalar bog‘chasining direktori va unga aloqador yana yetti nafar xodim, jumladan asosiy sarmoyador ham ushbu holat yuzasidan "zararli va zaharli mahsulot ishlab chiqarish" moddasi bo‘yicha tergov qilinmoqda.
Qo‘rg‘oshin zaharlanishi — organizm uchun qanday xavf soladi?
Qo‘rg‘oshin odam organizmida asta-sekin yig‘iladigan og‘ir metall bo‘lib, uning yuqori darajada bo‘lishi bolalar salomatligi uchun ayniqsa xavfli. U bolalarning jigar, asab tizimi, so‘rilish va immunitet tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ko‘p hollarda qo‘rg‘oshin zaharlanishi kamqonlik, ta’lim jarayonidagi qiyinchiliklar, kechikkan ruhiy rivojlanish va xatto doimiy nevrologik shikastlarga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Nima uchun bu fojia yuz berdi?
Tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu voqea nafaqat alohida muassasadagi mas’uliyatsizlik, balki umumiy oziq-ovqat nazorati tizimidagi yetishmovchilik va katta kamchiliklarni namoyon qilgan.
Tyanshuy shahri hokimi Lyu Litszyan bu fojiani jamoatchilik oldida tan olib, shahar ma’muriyati ushbu hodisadan jiddiy xulosa chiqarishini va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.
Hukumat qanday choralar ko‘rmoqda?
Xitoy davlat ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, markaziy hukumat va Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu voqea bo‘yicha alohida nazorat guruhi tashkil etgan. Tergov ishlari keng ko‘lamda davom etmoqda va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi sanitar standartlar va oziq-ovqat ta’minotini tekshirish ishlari kuchaytirilgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar