date

Xalqaro jinoiy sud: "Tolibon" rahbarlariga insoniyatga qarshi jinoyatlar aybi qo‘yildi

Xalqaro jinoiy sud: "Tolibon" rahbarlariga insoniyatga qarshi jinoyatlar aybi qo‘yildi
Dunyo siyosiy sahnasida yana bir dolzarb voqea: Xalqaro jinoiy sud (XJS) Afg‘onistondagi “Tolibon” harakati oliy rahbari Haybatulloh Oxunzoda va mamlakat bosh sudyasi Abdulhakim Haqqoniyga hibsga olish orderi berdi, deb xabar berdi icc-cpi.int. Sud bayonotiga ko‘ra, mazkur order ularning “buyruqlar berish, fitna qo‘zg‘ash yoki ko‘maklashish” yo‘li bilan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etgani, jumladan, gender asosida ayollar va qizlarni, shuningdek, ularga yordam berganlarni ta’qib qilgani asosida chiqarildi.

Haybatulloh Oxunzoda va Abdulhakim Haqqoniy
Hujjatda ta’kidlanishicha, sud ushbu jinoyatlar 2021 yil 15 avgustdan — “Tolibon” hokimiyatga kelgan kundan boshlab, kamida 2025 yil 20 yanvargacha Afg‘oniston hududida amalga oshirilgani bo‘yicha aniq dalillarga ega. Ayni vaqtda, harakat siyosati asosiy inson huquqlarini va erkinliklarini jiddiy buzgan: qotilliklar, ozodlikdan mahrum etish, qiynoq, zo‘rlash va o‘g‘irlashlar bilan birga, ko‘plab zo‘ravonliklar sodir etilgan.

Sudning ta’kidlashicha, barcha qoidalar aholi uchun joriy etilgan bo‘lsa-da, asosiy nishon aynan ayollar va qizlar bo‘lgan — ular gender mansubligi tufayli huquqlardan va jamiyat hayotidagi ishtiroki imkoniyatlaridan mahrum qilingan. Bu esa jahon hamjamiyati va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan jiddiy tanqidlarga sabab bo‘lmoqda.

Ma’lumki, XJS prokuraturasi mazkur hibsga olish orderini 2025 yil yanvarda so‘ragan va bu masala toliblar hokimiyatga kelganidan beri xalqaro miqyosda muhokama qilinayotgan edi. Afg‘onistondagi hokimiyat almashinuvi AQSH boshchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari mamlakatni tark etganidan so‘ng ro‘y bergan edi.

Ekspertlar fikricha, bu qaror Afg‘onistondagi inson huquqlarini himoya qilish va xalqaro huquqiy mexanizmlarni ishga solishda yangi bosqichni boshlashi mumkin. Jamoatchilik va kuzatuvchilar esa, endi bu jarayon qanday rivojlanishini diqqat bilan kuzatmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xalqaro jinoiy sud: "Tolibon" rahbarlariga insoniyatga qarshi jinoyatlar aybi qo‘yildi