date

Shimoliy koreyalik qochqin ayol Kim Chen Inni sudga berdi

Shimoliy koreyalik qochqin ayol Kim Chen Inni sudga berdi
Shimoliy Koreyadan qochgan, keyin esa og‘ir sinovlarni boshdan kechirgan Choy Min Kyung ismli ayol mamlakat yetakchisi Kim Chen Inga qarshi Seul sudida jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Uning bayonoti, ayniqsa, inson huquqlari himoyachilari va xalqaro jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi, deb xabar berdi bbc.com.

Ma’lumotlarga qaraganda, Choy Min Kyung 1997 yilda Xitoyga qochgan, ammo 2008 yilda majburan Shimoliy Koreyaga qaytarilgan. Qaytishidan so‘ng u hibsga olingan va qamoqxonada jinsiy zo‘ravonlik, qiynoq va tahqirlarga uchragan. Uning aytishicha, bu mudhish tajribalar unda og‘ir ruhiy oqibatlar qoldirgan va u hanuz dori-darmonlar bilan kun kechirmoqda.

Faqat 2012 yilda u ikkinchi bor Shimoldan qochib, Janubiy Koreyaga joylashishga muvaffaq bo‘ldi. Endi esa, 2025 yil 11 iyul kuni Seulda u rasman Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va yana to‘rt nafar yuqori lavozimli rasmiyga nisbatan fuqarolik va jinoiy ayblovlar bilan sudga murojaat qilmoqda.

Ayolga “Shimoliy Koreya inson huquqlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi markazi” (NKDB) nomli huquqni himoya qilish tashkiloti yordam ko‘rsatmoqda. Ular ushbu ishni BMT va Xalqaro jinoiy sudga olib chiqishni ham niyat qilmoqda.

Choy Min Kyung o‘z murojaatida shunday dedi: “Mening bu harakatim, har qancha kichik bo‘lmasin, ozodlik va inson qadr-qimmatini tiklashdagi muhim qadamga aylanishini istayman. Bu shafqatsiz rejimning qiynoqlariga boshqalar uchramasligi kerak. Men qurbon sifatida Kim Chen In va uning hukumatini javobgarlikka tortishni o‘z burchim deb bilaman.”

So‘nggi yillarda Janubiy Koreya sudlari Shimoliy Koreya rahbariyatiga nisbatan bir nechta ramziy hukmlar chiqargan. Masalan, 2023 yilda Seul sudi Shimoliy Koreya fuqarolaridan 36 ming dollar undirish haqida order bergan bo‘lsa, 2024 yilda Yaponiyadan Shimoliy Koreyaga majburan qaytarilgan qochqinlarga 100 million von to‘lash buyrug‘i chiqarilgan.

Shunday bo‘lsa-da, Pxenyan bu da’volarga javob qaytarmagan va hukmlarni inkor qilib kelmoqda. Ammo bu holat xalqaro huquq himoyachilari uchun muhim pretsedent bo‘lib qolmoqda.

Choy Min Kyungning murojaati nafaqat uning shaxsiy jarayoni, balki butun Shimoliy Koreyadagi inson huquqlarining qora tarixiga qarshi kuchli da’vo sifatida baholanmoqda. Uning jasorati esa boshqa jabr ko‘rganlarga umid bag‘ishlashi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shimoliy koreyalik qochqin ayol Kim Chen Inni sudga berdi