date

Bitta sumka 10,1 million AQSH dollariga sotildi

Bitta sumka 10,1 million AQSH dollariga sotildi
Parijdagi Sotheby's kimoshdi savdosida original Birkin sumkasi rekord narxda — 10,1 million AQSH dollari evaziga sotildi. Bu tarixdagi eng qimmat qo‘l sumkasi savdosi bo‘lib, moda olamida yangi marrani belgiladi.

Mazkur qora charm sumka 1985-yilda mashhur britan-fransuz san'atkori Jane Birkin uchun tayyorlangan. U Hermes moda uyi rahbari bilan samolyotda uchib ketayotganida, sumkasidan buyumlari to‘kilib ketadi. Shundan so‘ng, Hermes bosh direktori unga yanada amaliyroq va kengroq sumka tayyorlash g‘oyasini o‘ylab topadi — bu g‘oya qog‘oz paketda chizilgan edi.

O‘sha eskiz asosida ishlab chiqarilgan ilk prototip sumka, Jane Birkinga taqdim etilganidan so‘ng, keyinchalik butun dunyoda mashhur bo‘lgan “Birkin” brendining tug‘ilgan nuqtasiga aylandi.

Ushbu noyob prototip sumka 2025-yilning iyul oyida Parijdagi Sotheby's kimoshdi savdosida Yaponiyalik xususiy kolleksioner tomonidan xarid qilindi. Savdoda 10 daqiqa davomida 9 nafar qat'iyatli xaridor o‘rtasida “hayajonli kurash” kechdi. Oldingi rekord 515,5 ming AQSH dollari bo‘lib, bu yangi narx uni deyarli 20 barobar ortda qoldirdi.

Sotheby’s moda va sumkalar bo‘yicha global rahbari Morgane Halimi bunday rekord narxni “afsonaning kuchi” deb atadi:

“Bu sumka — zamonaviy modaning eng mashhur belgilaridan biri hisoblanadi. Asl Birkin sumkasi nafaqat noyob dizayn, balki o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ham ega.”

Sumka Jane Birkindan so‘ng bir necha egasini almashtirdi. Unda uning bosh harflari, ajralmas yelkama tasmasi, Birkin doimo osib yuradigan tirnoq qirqgichi, shuningdek, UNICEF va Medecins du Monde kabi tashkilotlarga oid stiker izlari saqlanib qolgan.

Jane Birkin bu sumkani 10 yil davomida ishlatgan va 1994-yilda OITSga qarshi kurashish bo‘yicha xayriya auktsioniga hadya qilgan. Oradan vaqt o‘tib, u Parijdagi hashamatli butik egasi Catherine Benier tomonidan xarid qilinib, 25 yil davomida saqlangan.

Bugungi kunda Birkin sumkalari eng yuqori martabali status ramzi sifatida tan olingan. Ularga ega bo‘lish uchun ko‘pincha yillab navbat kutish talab etiladi. Mashhur yulduzlar — Victoria Beckham, Kate Moss, Jennifer Lopez — bunday sumkalarning faxrli egalari sanaladi.

Ushbu tarixiy savdo nafaqat Birkin sumkasining modadagi o‘rni, balki kolleksionerlar orasidagi qiymatini ham yana bir bor tasdiqladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bitta sumka 10,1 million AQSH dollariga sotildi