
G‘azo sektorida sulhga erishish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar Isroil harbiy kuchlarining hududdan to‘liq chiqib ketishiga oid kelishmovchiliklar sababli turg‘unlikka uchradi, deb Reuters xabar berdi. Muzokaralar bilan tanish bo‘lgan falastinlik va isroillik manbalar shanba kuni Doha shahrida o‘tkazilayotgan bilvosita muzokaralarning murakkab kechayotganini ma’lum qildi.
AQSh tomonidan taklif etilgan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejasini muhokama qilish davom etar ekan, Isroil rasmiysi ma’lum qilishicha, tomonlar bir haftadan buyon muzokaralarda qatnashmoqda. AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin kunlarda muhim siljish bo‘lishiga umid bildirdi.
G‘azoda shanba kuni oziq-ovqat yordami olishga harakat qilayotgan 17 kishi otib o‘ldirildi. Mahalliy tibbiyot xodimlari bu hodisani AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yordam tarqatish tizimi doirasidagi navbatdagi qonli hodisa deb atadi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi olti haftada shu kabi holatlarda kamida 800 kishi halok bo‘lgan.
Hodisa guvohlari o‘q otish boshi va ko‘krakka qaratilganini aytishdi. Isroil armiyasi o‘z bayonotida ogohlantiruvchi o‘q uzilganini bildirgan bo‘lsa-da, tergov natijasida askar o‘qidan hech kim jabrlanmaganini da’vo qilmoqda.
Isroil va HAMAS delegatsiyalari Qatar poytaxtida bosqichma-bosqich harbiy kuchlarni olib chiqish, garovdagilarni ozod qilish va urushni yakunlashga oid kelishuv ustida ishlamoqda. Biroq muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirgan. Isroil tomoni bunga HAMASni ayblab, uni "kelishuvlarga to‘sqinlik qilayotgan qat’iy pozitsiyada" deb atadi. HAMAS esa javob tariqasida Isroilni ayblab, ular tomonidan ilgari surilgan talablar kelishuvni to‘sib qo‘yayotganini ta’kidladi.
Falastinlik manbaga ko‘ra, HAMAS Isroil tomonidan taqdim etilgan xaritalarni rad etgan. Unga ko‘ra, rejalashtirilgan chiqishdan so‘ng ham G‘azoning taxminan 40 foizi, jumladan, Rafahning janubi va shimoliy hamda sharqiy hududlar Isroil nazorati ostida qoladi. HAMAS esa Isroildan mart oyidagi hujumlar oldidan mavjud chiziqlarga qaytishni talab qilmoqda.
Isroilda esa minglab odamlar Tel-Avivda namoyishga chiqib, hukumatni HAMAS qo‘lida qolayotgan garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha zudlik bilan kelishuvga erishishga chaqirdi. Namoyish ishtirokchisi Boaz Levi: “Do‘stlarimiz, birodarlarimiz G‘azada. Endi bu urushni tugatish vaqti keldi. Shu bois biz bu yerda turibmiz,” — dedi.
G‘azo sog‘liqni saqlash organlariga ko‘ra, Isroilning urush harakatlarida 57,000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, ikki milliondan ortiq aholi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar