
Suriya janubidagi Suvayda viloyatida Druz jamoasi va Sunniy Bedouinlar o‘rtasida yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuvlarda o‘nlab odam halok bo‘ldi, yuzlab kishilar jarohat oldi. Hodisa Suriya ichki ishlar vazirligi va mahalliy manbalar tomonidan tasdiqlandi.
To‘qnashuvlar 13-iyul, yakshanba kuni Druz fuqarosining Damashqga olib boruvchi yo‘lda o‘g‘irlab ketilgani haqidagi xabarlardan so‘ng Suvayda shahri markazidagi al-Maqvas mahallasida boshlangan. Ushbu mahallada asosan Bedouinlar yashaydi.
Druz jangarilari mahallani qurshab olib, o‘z nazoratiga olgani haqida xabarlar bor. Oradan ko‘p o‘tmay, Suvayda viloyatining boshqa hududlarida, xususan viloyatning g‘arbiy va shimoliy chekkalaridagi Druz aholi yashovchi qishloqlarga Bedouinlar tomonidan hujumlar boshlangan.
Mahalliy mustaqil axborot agentligi Suvayda 24 xabariga ko‘ra, mojaro natijasida "o‘nlab odamlar halok bo‘lgan", 200 dan ortiq kishi esa tan jarohati olgan. Angliyada joylashgan Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) esa qurbonlar orasida bolalar, Bedouinlar hamda hukumat kuchlariga mansub askarlar borligini ma’lum qilgan.
Suriya Ichki ishlar vazirligi esa kamida 30 kishi halok bo‘lganini bildirgan. Hozircha mustaqil manbalar tomonidan qurbonlar soni aniq tasdiqlanmagan.
Mojarolar fonida Isroil mudofaa kuchlari (IDF) ham o‘z bayonoti bilan chiqdi. Unga ko‘ra, Suvayda tomon harakatlanayotgan bir nechta tanklar Isroilga xavf tug‘dirgan deb topilib, zarba berilgan. Isroil rasmiylari bu harakatni Druz jamoasini himoya qilish maqsadida amalga oshirilgan deb bayon qilgan.
Yakshanba kechasi Druz va Bedouin yetakchilari o‘rtasida vositachilik orqali qisqa muddatli sulhga erishildi va asirga olingan shaxslar almashildi. Biroq, bu tinchlik uzoqqa cho‘zilmadi. Dushanba kuni yana Suvayda g‘arbiy hududlarida jangovar harakatlar boshlandi. Suvayda 24 dronlar orqali qishloqlarga hujum qilinganini va hukumat kuchlari qo‘shni Dera viloyatida joylashtirilganini bildirdi.
Suriya ichki ishlar vazirligi ziddiyat yuzaga kelishiga rasmiy institutlarning zaifligi va xavfsizlik bo‘shlig‘i sabab bo‘lganini ta’kidladi. "Vaziyat ortda qolgan hukumat nazoratining zaiflashuvi, xavfsizlik muvozanatining buzilishi va mahalliy jamoalarning tinchlikni tiklashga ojizligidan darak bermoqda", deyiladi rasmiy bayonotda.
Viloyat gubernatori Mustafo al-Bakur fuqarolarni o‘zaro sabr-toqatga va tinchlikni saqlashga chaqirdi. Shuningdek, bir nechta Druz diniy yetakchilari ham jamoani murosaga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, may oyida ham Suvayda viloyatida va Damashq yaqinidagi mahallalarda Druz jangchilari, xavfsizlik kuchlari va sunniy islomiy guruhlar o‘rtasida keng ko‘lamli to‘qnashuvlar bo‘lgan va 130 dan ortiq odam halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Shundan so‘ng hukumat Druz militsiyalarini rasmiy xavfsizlik tuzilmalariga kiritish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Biroq, so‘nggi hodisalar bu kelishuvning barqarorlikni ta’minlashdagi samarasini shubha ostiga qo‘ymoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar