date

Si, Tramp va Putin Pekinda tarixiy uchrashuv o‘tkazadimi?

Si, Tramp va Putin Pekinda tarixiy uchrashuv o‘tkazadimi?
Xitoy poytaxti Pekin 3 sentyabr kuni jahon siyosiy sahnasida ulkan ahamiyatga ega voqeaga mezbonlik qilishi mumkin. Ikkinchi jahon urushi yakunlanishiga bag‘ishlangan tantanalar doirasida AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirokida yuqori darajali uch tomonlama uchrashuv tashkil etilishi ehtimoldan holi emas, deb xabar berdi thetimes.com.

Ushbu ehtimoliy diplomatik tashabbus Xitoy rahbari Si Jinpingning shaxsiy tashabbusi sifatida baholanmoqda. Markaziy Osiyo, Yevropa va AQSHdagi siyosiy tahlilchilar bu uchrashuvni nafaqat tarixiy, balki jahon tinchligi va kelgusi xalqaro munosabatlar uchun yo‘naltiruvchi voqea deb baholashmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu tantanalarda qatnashish niyatini allaqachon rasman tasdiqlagan. Ayni paytda esa Trampning tashrifi ehtimoli ortib bormoqda. Tahlilchilar bu tashrif 1 sentyabrda tugaydigan "ultimatum muddati" bilan chambarchas bog‘liqligini ta’kidlamoqda. Avvalroq Donald Tramp Rossiyaga Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun aniq muddat — 50 kunlik muhlat bergandi.

Shu o‘rinda xitoylik siyosatshunoslar va jamoatchilik vakillari ham ushbu sanadagi bayram tadbirlarini faqat tarixiy xotira emas, balki xalqaro muloqot uchun maydon sifatida ko‘rishni taklif qilmoqda. Ular, jumladan, yurtda tanilgan millatchi Szin Szanjun ham o‘z fikrini ochiq bildirib, quyidagicha ta’kidladi:

“Nima uchun Trampni ushbu paradga taklif qilmasligimiz kerak? Agar u kelishga rozi bo‘lsa va Putin bilan Si Jinping qatorida tursa, bu dunyo jamoatchiligiga juda kuchli ijobiy signal bo‘ladi. Uch davlat rahbarining bir safi — bu tinchlik va barqarorlik ramzi bo‘lishi mumkin”.

Ayni paytda rasmiy tasdiq mavjud emas, biroq siyosiy muhitda ushbu uchrashuv bo‘yicha muhokamalar qizg‘in davom etmoqda. Pekindagi parad tantanalari ortidan yuz beradigan voqealar xalqaro axborot maydonida allaqachon diqqat markaziga aylanib ulgurdi.

Hozircha Donald Tramp tashrifiga doir rasmiy ma’lumot berilmagan, ammo bu uchrashuv amalga oshsa, u nafaqat Xitoyda, balki butun dunyodagi geosiyosiy munosabatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda. Si Jinping bu jarayonda o‘ta muhim diplomatik shaxs sifatida yana bir bor namoyon bo‘lishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Si, Tramp va Putin Pekinda tarixiy uchrashuv o‘tkazadimi?