date

Janubiy Koreyada kuchli yomg‘ir qurbonlar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda

Janubiy Koreyada kuchli yomg‘ir qurbonlar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda
Markaziy va mahalliy hokimiyat organlari hozirga qadar 5 o‘lim va 4 kishining bedarak yo‘qolganini tasdiqlagan. Markaziy ofat va xavfsizlik shtabi kun davomida yangi raqamlarni e’lon qilishi kutilmoqda.

Ob-havo xizmati bugun yana 250 mm gacha yomg‘ir yog‘ishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu esa yangi toshqinlar, ko‘chki va xavfli holatlarning ortishiga olib kelishi mumkin.

4 995 ta uy xo‘jaligida yashovchi 7 029 kishi uchun rasmiy evakuatsiya buyrug‘i berildi. Ularning 2 800 dan ortig‘i hali ham uyiga qayta olmagan.

Yomg‘ir butun mamlakatda yo‘llarni suv ostida qoldirdi, yer ko‘chishiga olib keldi va yuzlab uylarni bosdi. Masalan, Incheon yaqinidagi Yeongheung orolida atigi bir soat ichida 98.5 mm, Janubiy Jeolla provinsiyasidagi Boseongda esa 88 mm yomg‘ir yog‘di.

Ba’zi hududlarda 4 kun ichida yilning 40% dan ortiq yog‘ini yog‘di. Seosan shahrida 558.6 mm yomg‘ir qayd etilib, bu yillik o‘rtacha yog‘inning 45% ini tashkil etdi.

Hukumat 729 ta infratuzilma zarari holatini tasdiqladi: 388 ta yo‘l suvga to‘lgan, 133 ta ko‘chki va 57 ta daryo inshootlari yaroqsiz holga kelgan.

Xususiy mol-mulk bo‘yicha 1 014 ta zarar holati qayd etildi. Ularga 64 ta binoni suv bosgani va 59 ta holatda dehqonchilik yerlari suv ostida qolgani kiradi.

Yuzlab qutqaruvchilar, maxsus texnika va xizmatlar ayni damda faoliyat yuritmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va suratlar vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatmoqda.

Mutaxassislar buni global iqlim o‘zgarishlari va tezkor urbanizatsiya oqibati, deb baholamoqda. Rasmiylar fuqarolarni hushyorlikka, xavfsizlik choralariga amal qilishga va rasmiy ogohlantirishlarga rioya qilishga chaqirmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Janubiy Koreyada kuchli yomg‘ir qurbonlar soni ortishiga sabab bo‘lmoqda