date

Lula da Silva: "Tramp AQSHni boshqarish uchun saylangan, dunyo imperatori bo‘lish uchun emas"

Lula da Silva: "Tramp AQSHni boshqarish uchun saylangan, dunyo imperatori bo‘lish uchun emas"
Braziliya rahbari Lula da Silva AQSH prezidenti Donald Trampga qator keskin tanqidlar bilan murojaat qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp dunyo siyosatini o‘z hukmiga olish niyatidan voz kechishi, va eng avvalo, o‘z yurtini boshqarishga e’tibor qaratishi kerak. Bu haqda u xalqaro anjuman chog‘ida bayonot berdi.

Lulaga ko‘ra, Tramp dunyo imperatori kabi harakat qilmasligi lozim. “U Amerika Qo‘shma Shtatlarini boshqarish uchun saylangan, urushlar qo‘zg‘ash uchun emas”, – deya ta’kidladi u. Shuningdek, u Trampning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan urushni to‘xtatish haqida muzokaralar olib borish niyatini qo‘llab-quvvatlaganini bildirdi.

“Garchi oramizda tafovutlar bor bo‘lsa ham, men uning tinchlikka intilganini olqishlayman”, – dedi Lula. Ammo shundan so‘ng, u hafsalasini pir qilgan yangilik haqida gapirdi: “Bu hafta eshitdimki, u endi ko‘proq qurol sotish niyatida ekan. Bu – juda xavotirli holat.”

Prezident Lula dunyodagi siyosiy ziddiyatlarni tanqid qilib, aholining haqiqiy muammolarini unutmaslik kerakligini eslatdi. Unga ko‘ra, bugungi kunda NATO davlatlari harbiy xarajatlarini 5 foizgacha oshirayotgan bir paytda, Yer yuzida 733 million odam ochlik bilan kurashayotgani achinarli holatdir.

“Biz tinchlik haqida gapirayapmiz, ammo milliardlab pullar qurol-aslahaga sarflanyapti. Bu – global darajadagi ziddiyatdir”, – dedi u. Uning fikricha, siyosatchilar urushni emas, odamlarni qutqarishni birinchi o‘ringa qo‘yishlari shart.

Lulaga ko‘ra, dunyo yetakchilari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar tinchlikni ta’minlashga emas, balki qo‘rquv va bosim orqali nazoratni saqlab qolishga qaratilgan. Bu esa, uning ta’biri bilan aytganda, “juda g‘alati va izdan chiqqan dunyoda yashayapmiz” degan xayolni uyg‘otadi.

Shuningdek, u xalqaro hamjamiyatni tinchlik sari qadam tashlashga, siyosiy qarama-qarshiliklar o‘rniga hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga chaqirdi. “Dunyo imperatori bo‘lish emas, global hamjihatlikni ta’minlash – bugungi kunning asosiy vazifasi bo‘lishi kerak”, – deya so‘zini yakunladi Lula da Silva.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lula da Silva: "Tramp AQSHni boshqarish uchun saylangan, dunyo imperatori bo‘lish uchun emas"