
AQSH siyosiy sahnasida doim inkor etiladigan, lekin baribir ochiqqa chiqayotgan voqealar orasidan yana biri yorug‘likka chiqdi. Jahonning eng nufuzli nashrlaridan biri — The New York Times o‘z tahririyatida prezident Donald Tramp va shubhali milliarder Jeffri Epshteyn o‘rtasidagi bir vaqtlar yaqin bo‘lgan do‘stlik rishtalarini keng muhokamaga olib chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, ularning tanishligi 1990-yillarga borib taqaladi. Hammasining boshlanishi — Floridada bo‘lgan. Tramp o‘zining mashhur va luks qarorgohi — Mar-a-Lagoni 1985-yilda qo‘lga kiritgan. Oradan bir necha yil o‘tib, aynan shu hududda Epshteyn ham mulk xarid qiladi. Shu paytdan ularning munosabati ijtimoiy tadbirlar, ziyofatlar va shaxsiy manfaatlar asosida tobora yaqinlashadi.
Gazetaning ma’lum qilishicha, ushbu aloqa 15 yildan ortiq davom etgan va 2004-yilda keskin uzilgan. Bir qarashda oddiy savdo kelishmovchiligi sabab bo‘lgan — okean bo‘yi qasri. Epshteyn bilan kelisha olmagan Tramp ushbu binoga egalik qilish uchun kurashadi va oxirida 41 million dollardan ortiq summa evaziga uni sotib oladi.
Biroq voqealar shunchaki biznes janjallaridan iborat emas. The New York Times manbalariga tayangan holda, Epshteynga nisbatan zo‘rlash ayblovlari bilan bog‘liq guvohliklar Trampni ham ayrim holatlarda aloqador qilib ko‘rsatmoqda. Masalan, qizlardan biri Trampning mulkida ishlayotgan paytda uning oldiga kelishini eslab o‘tgan. Yana biri esa, Epshteyn uni Manhettendagi Trump Tower'ga olib borgan kuni Trampdan nomaqbul munosabat ko‘rganini aytgan.
Shu bilan birga, sobiq model Steysi Uilyams o‘z xotiralarida shunday deydi:
“Tramp bizga ofis oldidagi zalda yetib keldi. U menga yaqinlashib, ko‘kragim, belim va yelkamdan ushlagancha o‘z tomoniga torta boshladi. O‘shanda men o‘zimni qandaydir 'taqdimot uchun tayyorlangan go‘sht bo‘lagidek' his qildim.”
Ushbu voqealarning barchasi ortida, bir tomondan, siyosiy shaxsning obro‘si, ikkinchi tomondan esa qurbonlarning ovozlari turibdi. Hozircha ushbu ma’lumotlar hech bir sud tomonidan tasdiqlanmagan va ayblovlar bo‘yicha rasmiy jarayonlar yuritilmayapti. Ammo axborot maydonida bunday xabarlar nafaqat jurnalistik surishtiruv sifatida, balki tarixiy voqelik sifatida ham o‘z o‘rnini topmoqda.
Tramp va Epshteynning munosabati, ular o‘rtasidagi o‘yinlar, to‘satdan uzilgan aloqa va siyosiy manfaatlar — bularning barchasi yana bir bor jamoatchilik e’tiborini tortayotgani aniq. Siyosat va jinoyat, boylik va tajovuz, va’da va voqelik o‘rtasidagi chegara qaysi yerda tugashini aniqlash esa hali oldindagi kunlar ishi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar