
Janubiy Koreyada bir necha kun davom etgan tinimsiz yomg‘irlar oqibatida yuzaga kelgan kuchli suv toshqinlari va yer ko‘chkilari kamida 14 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Mamlakatning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarmasi ushbu ma'lumotni tasdiqladi. Yana 12 nafar shaxs bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.
Eng og‘ir zarar janubiy va markaziy hududlarga yetgan bo‘lib, yo‘llar, turar joy binolari, qishloq xo‘jaligi maydonlari va chorvachilik xo‘jaliklari kuchli zarar ko‘rgan. Qutqaruv xizmatlari bedarak yo‘qolganlarni izlashda davom etmoqda.
Sanchong viloyatida 6 kishi halok bo‘lgan, 7 nafar fuqaro bedarak yo‘qolgan. Markaziy Chungcheong mintaqasida esa butun boshli bir qishloq yer ostida qolgan. Gapyeong shahrida esa tuproq ko‘chkisi bir nechta uylarni yutib yuborgan va ikki kishi hayotdan ko‘z yumgan. Fuqarolar qalin loydan o‘tib, evakuatsiya markazlariga piyoda yetib borishga majbur bo‘lgan.
Mahalliy OAVning xabariga ko‘ra, toshqinlar boshlangandan beri butun mamlakat bo‘ylab 10 mingga yaqin odam o‘z uyini tark etgan. 41 mingdan ortiq xonadon vaqtincha elektr energiyasiz qolgan.
Prezident Li Je Myong yakshanba kuni halokatga uchragan hududlarni maxsus ofat zonasi deb e’lon qilishni buyurdi va hukumat ko‘p sohalarni qamrab olgan tiklash ishlarini boshlab yubordi. Ichki ishlar vaziri Yun Ho-jung barcha mahalliy hokimiyatlardan mavjud barcha resurslarni tezkor safarbar etishni so‘radi.
Ob-havo mutaxassislari yomg‘ir yakshanba kuni kechqurun to‘xtashini, ammo ortidan kuchli issiq havo to‘lqini boshlanishini prognoz qilmoqda. Bu esa yordam va tiklash ishlarini murakkablashtirishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar