
Rossiyada mashhur shokolad va shirinliklar sotuvi to‘xtatilishi mumkin. Sababi esa — narxlar borasida kelishmovchilik.
Rossiyadagi yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri — X5 Group, o‘z tarkibiga kiruvchi «Pyatyorochka» va «Perekryostok» supermarketlarida Mars kompaniyasiga tegishli Snickers, Twix, M&M's, Orbit kabi mahsulotlarni xarid qilishni to‘xtatdi. Bu haqda Pravilamag nashri ma’lum qildi.
Nega xaridlar to‘xtatildi?
X5 matbuot xizmati xabar berishicha, qaror kompaniyaning Mars tomonidan taklif qilingan narxlardan noroziligi tufayli qabul qilingan. Ular mahsulot narxlari asossiz ravishda yuqori deb hisoblashmoqda.
Mars kompaniyasi esa ushbu qarordan afsusdaligini bildirib, ikki tomon uchun ham foyda keltiradigan yechim topish umidida ekanligini ta’kidladi.
Shokoladlar qanchaga yetadi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Mars'ning hozirgi zaxiralari taxminan ikki oyga yetadi. Avgust-sentyabr oylarida bu mahsulotlar do‘konlardan butunlay yo‘qolishi mumkin. Ammo X5 vakillarining ta’kidlashicha, «raflar bo‘sh qolmaydi, Mars o‘rniga boshqa ishlab chiqaruvchilarning o‘xshash mahsulotlari taklif etiladi».
Mars nimalarni ishlab chiqaradi?
Mars — dunyodagi eng yirik konditer mahsulotlarni ishlab chiqaruvchilaridan biri. Kompaniyaga Snickers, Twix, Bounty, Mars, Milky Way, M&M's, Skittles, Orbit, Eclipse, shuningdek, «Korkunov» shokoladlari kabi mashhur brendlar tegishli.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil boshlarida Mars va Mondelez (Milka, Oreo, Alpen Gold va boshqalar) o‘z mahsulotlariga chuqur inflyatsiya fonida narxlarni oshirishini ma’lum qilgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!