
Tailand – Kambodja chegarasidagi mojaro kuchaymoqda, mamlakatlar bir-birini ayblashda davom etmoqda.
Tailand Kambodja bilan yuzaga kelgan qurolli to‘qnashuv bo‘yicha xalqaro vositachilik takliflarini rad etdi. Tashqi ishlar vazirligi mamlakat mojaroni faqat ikki tomonlama muzokaralar orqali hal qilishni istashini ma’lum qildi.
So‘nggi ikki kun ichida Tailand va Kambodja chegarasida artilleriya o‘qlarining almashuvi kuzatilmoqda. Bu Janubiy-Sharqiy Osiyodagi ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi oxirgi o‘n yillikdagi eng keskin harbiy qarama-qarshiliklardan biri hisoblanmoqda. Mojaroda hozirga qadar kamida 16 kishi, asosan Tailand fuqarolari halok bo‘lgani bildirilmoqda.
Tailand tashqi ishlar vazirligi vakili Nikorndej Balankura Reuters agentligiga bergan intervyusida shunday dedi:“Hozircha bizga uchinchi davlatlarning vositachiligi zarur emas. Bu ikki davlat o‘rtasidagi nizo va eng samarali yechim – ikki tomonlama mexanizmlar orqali muzokaralardir.”
AQSh, Xitoy va ayni paytda ASEANga raislik qilayotgan Malayziya mojaroni yumshatish uchun vositachilik taklif qilgan edi. Ammo Tailand bu takliflarni rad etib, Kambodjani birinchi bo‘lib chegara bo‘yicha hujumlarni to‘xtatishga chaqirmoqda.
Mojaro payshanba kuni, uzoq yillardan beri suverenitet borasida tortishuvlar bo‘layotgan bahsli hududda boshlangan. Dastlab yengil qurolli otishma bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik bu artilleriyaga aylangan.
Tailand Kambodja tomonini yaqinda o‘rnatilgan yerga qo‘yilgan minalar tufayli o‘z harbiylari yaralangani uchun ayblamoqda. Kambodja esa bu ayblovlarni rad etmoqda.
Kambodja Bosh vaziri Hun Manet esa mojaro yuzasidan BMT Xavfsizlik Kengashini favqulodda yig‘ilish chaqirishga undab, Tailandni “rejalashtirilgan va asossiz harbiy agressiyada” aybladi. BMT mazkur masalani yopiq eshiklar ortida muhokama qilishini bildirdi.
Shu bilan birga, Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohim, ASEAN rahbari sifatida, har ikki davlat yetakchilari bilan suhbatlashib, vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga chaqirdi.
Tailand tashqi ishlar vaziri so‘zlariga ko‘ra: “Agar ASEAN oilasi ikki tomonlama konstruktiv muzokaralarga qaytishni qo‘llab-quvvatlasa, biz bunga ochiqmiz.”
Chegaradagi vaziyat ayni paytda xavotirli bo‘lib qolmoqda, tomonlar bir-birini provokatsiyada ayblayotgan bir paytda, harbiy harakatlar davom etmoqda. Tailandning pozitsiyasi aniq – mojaro xalqaro vositachilarsiz, faqat ikki davlat o‘rtasida hal etilishi kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar