date

G‘azo sektori ocharchilik domida

G‘azo sektori ocharchilik domida
BMT homiyligidagi xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi ekspertlariga ko‘ra, G‘azo sektorida ocharchilik bo‘yicha eng yomon ssenariy ayni paytda ro‘y bermoqda. IPC (Oziq-ovqat xavfsizligi bosqichini aniqlovchi tizim) hisobotida aytilishicha, G‘azo shahrida oziq-ovqat tanqisligi va o‘tkir nosog‘lom ovqatlanish darajasi ocharchilik mezonlariga yetgan.

BMT bosh kotibi Antonio Guterrish bu holatni “ko‘z o‘ngimizda kechayotgan gumanitar falokat” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, yordam “tomchilab” emas, balki “to‘lqin-to‘lqin” kirib kelishi zarur.

Mart oyida Isroil tomonidan yordam va savdo yuklariga to‘liq blokada e’lon qilingandi. Harbiy bosqinchilik davom etmoqda. Biroq bosimlar natijasida blokada qisman yumshatildi, ammo oziq-ovqat va dori vositalari yetishmovchiligi kuchaygan. Isroil yordam yetkazilishiga to‘siq yo‘qligini bildirsa-da, BMT aksini ta’kidlamoqda. G'azo aholisining aytishicha, yordam joylarga yetib bormayapti, ayrim aholi ochlikdan nobud bo‘lmoqda.

Iyul oyining o‘zida 60 dan ortiq bolaning ochlikdan o‘lgani qayd etilgan. IPC ma’lumotiga ko‘ra, aprel–iyul oylarida 20 mingdan ortiq bola o‘tkir nosog‘lom ovqatlanish bilan shifoxonalarga yotqizilgan.

Yordam konvoylariga hujumlar, gumanitar yuklarni talon-toroj qilish va bozorlarda uni qimmat narxda qayta sotish holatlari ham ortmoqda. Isroil hukumati esa aybni Hamas zimmasiga yuklamoqda, biroq hozircha ushbu da’volarni tasdiqlovchi dalillar topilmadi.

BMT tashkilotlari ocharchilik rasman e’lon qilinmasdan turib ham, zudlik bilan keng ko‘lamli oziq-ovqat yordami ko‘rsatishni talab qilmoqda. Ularning aytishicha, bu holatda faqat o‘t ochishni to‘xtatishgina yordam yetkazishni imkonini beradi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » G‘azo sektori ocharchilik domida