Jahon energetika bozorida keskin tortishuvlar davom etmoqda — AQSH va Yevropa davlatlari Rossiyaning neft daromadlarini cheklash maqsadida tobora qattiqroq sanksiya va bojlarni joriy etishni boshlagan bir paytda, Xitoy hukumati Rossiya neftini xarid qilishdan bosh tortmasligini ma’lum qildi. Bu haqda Amerika moliya vaziri Skott Bessent Stokholmda Xitoy bilan o‘tkazilgan ikki kunlik savdo muzokaralari yakunlari bo‘yicha bayonot berdi, deb xabar qildi reuters.com.
Xitoy delegatsiyasi Amerika tomoniga “energetika suvereniteti”ni qat’iy himoya qilishini va neft xarid qilish siyosati mamlakatning ichki manfaatlaridan kelib chiqishini aniq bildirdi. Bessent o‘z nutqida xitoylik hamkasblarini Rossiya neftini sotib olishning kelgusi oqibatlaridan — AQSH tomonidan 500 foizgacha boj joriy etilishi va javob choralari ko‘rilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Shu bilan birga, AQSH rasmiylari Xitoyning sanksiyalangan Eron neftini ham xarid qilayotgani va Rossiyaga qarshi qaratilgan sanksiyalarga qaramasdan, Moskvaga 15 milliard dollardan ortiq turli tovarlarni sotishda davom etayotgani borasida norozilik bildirdi.
Amerika Kongressi tomonidan qabul qilingan yangi qonun prezident Trampga Rossiya neftini sotib oluvchi davlatlarga 500 foizgacha boj qo‘yish huquqini beradi. Bessent ta’kidlashicha, bu choralar nafaqat AQSH, balki uning ittifoqchilarini ham Rossiyaning energetika daromadlarini cheklashga majbur qiladi.
Reuters ta’kidlaganidek, Xitoy hozirda Rossiya neftining eng yirik xaridori bo‘lib, kunlik taxminan 2 million barrel neft import qiladi. Hindiston va Turkiya keyingi o‘rinlarda.
Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Tramp Hindistondan olinadigan tovarlarga 25 foizlik yangi bojlar va yuqori tariflar joriy etilishini e’lon qildi. Bu choralar 2025 yil 1 avgustdan amalga kiritiladi. Oq uy rahbari o‘z bayonotida Hindistonning Rossiyadan harbiy texnika va energiya resurslarini xarid qilayotgani Ukrainadagi urushni to‘xtatishga to‘siq bo‘layotganini aytib o‘tdi.
Bugungi kunda global bozordagi siyosiy va iqtisodiy bosimlar jadallashar ekan, Xitoy va Hindistonning Rossiya bilan neft savdosi butun mintaqa iqtisodiyoti va geosiyosiy manzarasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Kelgusi haftalarda ushbu kelishmovchiliklar qanday yechim topishi va qaysi mamlakatlar siyosiy bosimlarga moyillik ko‘rsatishi — xalqaro tahlilchilar va investorlar uchun asosiy masala bo‘lib qolmoqda.
Xitoy global bosimga qaramay Rossiya neftini sotib olishdan voz kechmadi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar