date

Xitoyda chivinlar epidemiyasiga qarshi chivinlar yuborildi

Xitoyda chivinlar epidemiyasiga qarshi chivinlar yuborildi

Xitoydagi epidemiologik vaziyat tobora murakkablashib bormoqda. Guandun viloyatida chikungunya deb nomlangan xatarli virus keng tarqalmoqda. Virusni tarqatuvchi mayda chivinlarga qarshi hukumat mutlaqo g‘ayrioddiy usulni qo‘lladi – ularni tabiatdan yo‘qotish uchun ularning “kannibal” qarindoshlari – Toxorhynchites splendens turiga mansub ulkan chivinlar yerkin havoga qo‘yib yuborildi.

Bu chivinlar odamlarni chaqmaydi, balki o‘zlaridan kichikroq, lekin yuqumli Aedes chivinlarini yeb tugatadi. Ushbu amaliy va biologik himoya dasturi Sun Yatsen universiteti qoshidagi Chjunshan tibbiyot maktabi tadqiqotchilari tomonidan boshqarilmoqda.

Gap shundaki, Foshan shahrida uch hafta ichida 6 mingdan ziyod kishi chikungunya bilan kasallangan. Mamlakat Covid-19 pandemiyasida ishlatilgan an’anaviy choralarni qayta joriy qilmoqda – ommaviy PZR testlar, izolyatsiya zonalari, kvartallar bo‘yicha total dezinfeksiya ishlari. Bu safar esa, yangi element sifatida 5 mingdan ziyod baliq ham shohobchalar va daryolarga qo‘yib yuborildi. Ularning vazifasi – chivin tuxumlari va lichinkalarini yeb yo‘q qilish.

Guanchjou shahrida esa aholi xavfsizligini ta’minlash maqsadida 120 ta tuman uchun alohida “xavf xaritasi” e’lon qilindi. Ushbu xaritaga asosan, har kuni ikki marta maxsus insektitsidlar bilan havo tozalanmoqda. Hukumat bir haftalik uzluksiz dezinfeksiya kampaniyasini boshladi.

Chikungunya virusi faqat zararlangan chivin chaqishi orqali yuqadi. Ilk bor 1952 yilda Tanzaniyada qayd etilgan. Nomi “egilib yuruvchi” ma’nosini beruvchi kimakonde so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, kasallik natijasida kelib chiqadigan bo‘g‘im og‘riqlarini ifodalaydi.

Afsuski, ushbu virusga qarshi aniq va samarali vaksina hali mavjud emas. Inkubatsiya muddati odatda 2–7 kunni tashkil etadi. Kasallik to‘satdan boshlanib, yuqori harorat, kuchli bo‘g‘im og‘riqlari, mushaklarda qattiq bezovtalik, bosh og‘rig‘i, toshma, ko‘ngil aynishi va hatto qusish bilan kechishi mumkin.

O‘lim holatlari kam qayd etilgan bo‘lsa-da, kasallikning og‘ir oqibatlari inson hayoti sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Aynan shunday paytda tabiatning o‘ziga xos vositalaridan foydalanish esa yangi yechim sifatida ko‘rilayotgani hayratomuz va o‘rnak bo‘ladigan holat.

Chivinlarni chivin bilan yengish – bu endi fantastik kino emas, balki hayot haqiqati.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoyda chivinlar epidemiyasiga qarshi chivinlar yuborildi