
Butunjahon tashkiloti — Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) o‘z faoliyati samaradorligini oshirish va xarajatlarni qisqartirish maqsadida tayyorlangan yangi hisobotida tanqidiy ma’lumotni ochiqladi: tashkilot tomonidan ishlab chiqilayotgan hisobotlarni deyarli hech kim o‘qimayapti. Bu haqda Pravilamag xabar berdi.
BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning so‘zlariga ko‘ra, 2024 yili tashkilot 27 mingta majlis o‘tkazib, 240ga yaqin turli organ ishtirok etgan. Shuningdek, BMT kotibiyati tomonidan 1100 ta rasmiy hisobot tayyorlangan bo‘lib, bu 1990 yilga nisbatan 20 foizga ko‘proqdir.
“Majlislar va hisobotlarning ko‘pligi tizimni ham, bizlarni ham eng chekka chegaraga yetkazmoqda”, — dedi Guterrish.
Uning ta’kidlashicha, hisobotlarning katta qismiga yetarlicha e’tibor berilmayapti. Eng ommalashgan 5 foiz hisobotgina 5500 martadan ko‘proq yuklab olingan. Har beshinchi hisobot esa ming martadan kam yuklab olingan.
“Yuklab olish hisobot o‘qilganini anglatmaydi”, — deya izoh berdi u.
Bu muammoning yechimini topish maqsadida Guterrish 2025 yil mart oyida “BMT80” deb nomlangan maxsus ishchi guruhni tashkil etdi. Ushbu guruh tashkilot faoliyatini zamonaviy talablar asosida isloh qilishni maqsad qilgan.
Guterrish yana bir jiddiy muammoga e’tibor qaratdi — moliyaviy tanqislik. Unga ko‘ra, so‘nggi yetti yil davomida BMT doimiy likvidlik inqirozini boshdan kechirmoqda. Bu 193 a’zo davlatdan barchasi o‘zining majburiy to‘lovlarini o‘z vaqtida va to‘liq to‘lamasligi sababli yuz bermoqda.
“Kamroq majlislar. Kamroq hisobotlar”, — deya o‘z xulosasini yakunladi Guterrish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!