Shimoliy Koreya — uzoq yillar davomida qat’iy tartib va qoidalari bilan tanilgan davlat. Bu mamlakatda ayollar hayotidagi ko‘pgina sohalarga cheklovlar qo‘yilgan edi. Biroq so‘nggi xabarlarga ko‘ra, mamlakatda ayollar haydovchilikni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
Janubiy Koreya OAVlari va kuzatuvchilarning ma’lum qilishicha, ayrim avtomaktablar Shimoliy Koreya Sotsialistik Ayollar Ittifoqi tavsiyasi asosida qizlarni o‘qishga qabul qila boshlagan. Bu, o‘z navbatida, mamlakatdagi ijtimoiy hayotda asta-sekin islohotlar yuz berayotganining belgisi sifatida ko‘rilmoqda.
Shu vaqtgacha ayollarga yo‘l harakati qoidalarini tartibga solish ruxsati berilgan bo‘lsa-da, ularning to‘g‘ridan to‘g‘ri avtomobil boshqarishi qat’iyan taqiqlangan edi. Hozircha rasmiylar haydovchilik guvohnomasini berish yoki ayollarning to‘liq haydovchi sifatida tan olinishi yuzasidan bayonot bermagan.
Bu Shimoliy Koreyada ayollar huquqlariga nisbatan ilk erkinlashtirish harakati emas. Ilgari, Kim Chen In hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng, u ayollarning velosipedda yurishi bo‘yicha ta’qiqni bekor qilgan edi. Bu ta’qiq ayollarning shamolda hilpiraydigan yubkasi "no'maqbul ko‘rinish" deb hisoblanishi bilan bog‘liq edi.
Hozirda kuzatuvchilar bu kabi yangiliklarni mamlakatda asta-sekin ijtimoiy o‘zgarishlar yuz berayotganidan dalolat sifatida baholamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!