date

Sobiq prezident Bolsonaru uy qamog‘ida: internet va muloqot cheklandi

Sobiq prezident Bolsonaru uy qamog‘ida: internet va muloqot cheklandi

Braziliya siyosiy sahnasida uzoq yillar mobaynida keskin fikrlari va qat’iy pozitsiyasi bilan tanilgan Jair Bolsonaru mamlakatdagi turg‘un siyosiy muhitda yana bir bor diqqat markazida paydo bo‘ldi. Endi u oddiy siyosiy shaxs emas, balki sud himoyasi ostidagi shaxs sifatida qayd etildi.

4 avgust, dushanba kuni Braziliya Oliy sudi sudyasi Aleksandr di Morayes Jair Bolsonaruni uy qamog‘iga olish bo‘yicha rasmiy qaror qabul qildi. Bu qaror orqali Bolsonaruning shaxsiy hayotiga ham jiddiy cheklovlar kiritildi: u mobil aloqadan foydalanishi mumkin emas va faqat belgilangan, cheklangan sondagi odamlar bilan muloqot qilishiga ruxsat berildi, deb xabar berdi dw.com.

Sud hujjatlariga ko‘ra, mazkur qaror 3 avgust kuni Bolsonaru tomonidan internet orqali o‘z tarafdorlariga qilgan murojaati va undan parchalarning ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqalishi bilan bog‘liq holatlarga javob sifatida qabul qilindi. Sudya Morayes ushbu harakatni adliya tizimiga ta’sir o‘tkazishga bo‘lgan urinish sifatida baholadi va uni jiddiy qonunbuzarlik deb topdi.

Ma’lumki, Jair Bolsonaru 2022 yilda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida raqibi Luis Inasiu Lula da Silvaga yutqazgan edi. Saylov natijalarini tan olmagan Bolsonaru va uning tarafdorlari 2023 yil 8 yanvar kuni mamlakatning eng muhim davlat muassasalari — Kongress, Oliy sud va prezident saroyiga zo‘ravonlarcha bostirib kirgan. Bu harakat Braziliya tarixidagi eng shov-shuvli siyosiy voqealardan biri sifatida qayd etilgan.

Shuningdek, 19 iyul kuni Bolsonaruga elektron kuzatuv bilakuzugi taqildi va unga tun vaqtida uyidan chiqmaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shu bilan birga, u ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish huquqidan ham mahrum etildi.

Hozirda Bolsonaruga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish sud jarayonining yakunlovchi bosqichiga kirgan. Unga “demokratik huquqiy tartibni ag‘darishga urinish” aybi qo‘yilmoqda. Bu ayblov juda jiddiy hisoblanadi va agar u isbotlansa, uni katta muddatga ozodlikdan mahrum qilish ehtimoli ham bor.

Ayni damda mamlakatdagi siyosiy muxokamalar markazida Bolsonaru taqdiri turibdi. Sud jarayonining qanday yakun topishi nafaqat uning, balki Braziliya demokratiyasi kelajagi uchun ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Sobiq prezident Bolsonaru uy qamog‘ida: internet va muloqot cheklandi