date

Rossiyada korrupsiya ishlari ko‘paymoqda: jiddiy surishtiruvlar boshlandi

Rossiyada korrupsiya ishlari ko‘paymoqda: jiddiy surishtiruvlar boshlandi

Rossiyada korrupsiyaga qarshi kurash yangi bosqichga ko‘tarildi, deb ma’lum qildi novayagazeta.eu. 2025 yil boshidan beri mamlakatda kamida 99 nafar deputat va yuqori lavozimli amaldorga nisbatan pora olish va mansabni suiiste’mol qilish bilan bog‘liq jinoiy surishtiruvlar boshlangan. Mazkur ko‘rsatkich bir yilga yetmaydigan davrdagi holat bo‘lib, 2024 yilda qayd etilgan 122 ta holatga yaqinlashib qolgan. Shuningdek, bu ko‘rsatkich 2021 yil bilan solishtirganda deyarli ikki barobarga ko‘paygan.

"Novaya gazeta Yevropa" o‘z tahlillarida federal va mintaqaviy vazirliklar, idoralar rahbarlari, ularning o‘rinbosarlari, viloyat markazlari merlari va ularning yordamchilari kabi mansabdorlarga oid jinoyat ishlarini hisobga olgan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, har oyda o‘rtacha 14 ta yangi jinoiy ish qo‘zg‘atilayotgani aniqlangan.

Jurnalistlar tadqiqot doirasida faqat deputatlar va davlat idoralari amaldorlariga qo‘yilayotgan ayblovlarni hisobga olgan. Davlat korxonalari va muassasalar rahbarlari ushbu statistikaga qo‘shilmagan. Ayniqsa, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga nisbatan ochilayotgan jinoiy ishlar soni alohida e’tiborga loyiq — barcha holatlarning 28 foizini tashkil etadi. Shuningdek, qurilish va uy-joy kommunal sohasi – 18 foiz, iqtisodiyot va sanoat – 11 foiz, transport hamda atrof-muhitni boshqarish sohalari esa har biri 8 foiz ulushga ega.

Oxirgi 10,5 yillikda yuqori lavozimdagi amaldorlarning qamoqqa olinishi dinamikasi ham o‘rganildi. Ma’lum bo‘lishicha, bu hibslarining deyarli yarmi Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy mojaro boshlangan so‘nggi 3,5 yilda ro‘y bergan. Shu bilan birga, vazirlar, departament rahbarlari va ularning o‘rinbosarlarini qamoqqa olish holatlari urushdan oldingi yillardan ham yuqori bo‘lgani qayd etilgan.

Hozirgi vaziyat Rossiyada korrupsiyaga qarshi kurashning jiddiylashganini ko‘rsatadi. Davlat idoralari va yuqori darajadagi amaldorlar ustidan olib borilayotgan surishtiruvlar jamoatchilik va xalqaro kuzatuvchilar uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda. Yaqin kelajakda bu yo‘nalishda yana qanday o‘zgarishlar yuz beradi — kuzatishda davom etamiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada korrupsiya ishlari ko‘paymoqda: jiddiy surishtiruvlar boshlandi