
G‘aza shahridagi Al-Shifa shifoxonasi yaqinida Isroilning havo hujumi natijasida besh nafar Al Jazeera telekanali xodimi halok bo‘ldi. Bu haqda telekanal rasmiy bayonotida ma’lum qildi.
Ularga shifoxona bosh darvozasi yonidagi jurnalistlar uchun o‘rnatilgan chodirda bo‘lgan paytda zarba berilgani aytilmoqda.
Al Jazeera bu voqeani “so‘z erkinligiga qaratilgan navbatdagi ochiq va rejalashtirilgan hujum” deb atadi. Telekanal bosh muharriri Muhammad Moavvadning so‘zlariga ko‘ra, jurnalistlardan biri Anas al-Sharif “G‘aza voqeliklarini dunyoga yetkazayotgan yagona ovoz” sifatida faoliyat yuritgan.
Isroil mudofaa kuchlari (IDF) zarba berilgach, al-Sharifni “Hamasdagi terrorchilik guruhi yetakchisi” sifatida ayblovchi bayonot chiqardi. Biroq IDF qolgan jurnalistlarning o‘limi haqida izoh bermadi.
Al Jazeera ma’lumotiga ko‘ra, hujumda jami yetti kishi halok bo‘lgan. Dastlab to‘rt xodim halok bo‘lgani xabar qilingan, biroq keyin bu raqam besh nafarga yangilandi.
Xalqaro tashkilotlar va jurnalistlarni himoya qilish guruhlari avval ham G‘azadagi axborot xodimlari uchun xavfli sharoit va ochlik xavfi haqida ogohlantirgan edi. Matbuot erkinligini himoya qiluvchi Committee to Protect Journalists (CPJ) ma’lumotiga ko‘ra, Isroilning oktyabr oyidan beri davom etayotgan harbiy amaliyotlari chog‘ida kamida 186 jurnalist halok bo‘lgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar