AQSH siyosiy maydonida Rossiya–Ukraina urushi masalasida yanada qat’iy bayonotlar yangramoqda. Senator Lindsi Gremning fikriga ko‘ra, Moskvaga bosimni kuchaytirish va urushni tugatish uchun nafaqat Rossiyaga, balki uning neft xarid qilayotgan sheriklariga ham ta’sir o‘tkazish zarur. Bu maqsadda u ikkilamchi sanksiyalar tahdidini izchil davom ettirish kerakligini ta’kidlamoqda.
Gremning ta’kidlashicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanksiyalardan qo‘rqmaydi va ularni turli yo‘llar bilan chetlab o‘tishga urinmoqda. Ammo senatorning fikricha, Kreml rahbari uchun eng og‘ir zarba — uning asosiy mijozlari, ya’ni yirik savdo sheriklari iqtisodiy bosimga uchrashi bo‘ladi.
“U sanksiyalarni jiddiy qabul qilmaydi, chunki ularni aylanib o‘tishga odatlangan. Biroq biz uning asosiy mijozlariga qarshi qat’iy choralar ko‘rsak, bu uning iqtisodiy imkoniyatlarini jiddiy cheklaydi”, — dedi senator NBC News telekanaliga bergan intervyusida.
Grem qo‘shimcha qilib, Qo‘shma Shtatlar agar zarur bo‘lsa, Rossiya neft bozoridagi asosiy xaridorlar — Hindiston, Xitoy va Braziliya bilan ham to‘qnashishga tayyor ekanini bildirdi. Uning aytishicha, bunday davlatlar, agar Rossiya neftini sotib olishda davom etsalar va urush iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlasalar, AQSH iqtisodiy tizimiga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Senator, shuningdek, Donald Tramp Alyaskada o‘tkazilishi rejalashtirilgan muzokaralar chog‘ida ham ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini aytdi. Gremning ta’kidlashicha, agar Vashington Ukrainada tinchlikka erisha olmasa, Moskva bilan hisob-kitob qilishning eng samarali yo‘li — Putinning xalqaro bozordagi “mijozlari” ortidan borish bo‘ladi.
Bu bayonotlar ortidan xalqaro siyosiy maydonda bahslar yanada qiziy boshladi. Ekspertlar bu harakatlar nafaqat iqtisodiy, balki diplomatik frontda ham keskin o‘zgarishlarga olib kelishi mumkinligini aytishmoqda.
AQSH Putin mijozlariga qarshi keskin choralar tayyorlamoqda
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar