Texasning San-Antonio shahridagi jamoat kutubxonasiga qariyb 82 yil oldin olib ketilgan kitob qaytarildi. Bu haqda Pravilamag xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransis Bryus Shtreyn qalamiga mansub “Sizning farzandingiz, uning oilasi va do‘stlari” asarini 1943 yil iyul oyida 11 yoshli bola o‘qish uchun olgan. Kitob 28 kun ichida topshirilishi kerak edi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay bolaning onasi AQSHning Meksikadagi elchixonasiga ishga o‘tdi va oila tezda ko‘chib ketdi. Kitob esa ular bilan birga qolib ketdi. 80 yildan ortiq vaqt o‘tgach, nabira uy jihozlaridan ushbu kitobni topib, kutubxonaga qaytarishga qaror qildi.
Kitob bilan birga uzrnoma xat ham yuborildi. Unda “buvi endi jarima to‘lay olmaydi” deya izoh berilgan. Ammo tashvishga hojat yo‘q — San-Antonio kutubxonasi 2021 yilda kechikish uchun jarimalarni bekor qilgan edi.
Hozircha kitob kutubxona qabulxonasida namoyishga qo‘yilgan, keyin esa eski kitoblar do‘koniga topshirilishi rejalashtirilgan.
Qizig‘i, shunga o‘xshash holat Hindistonda ham kuzatilgan: bir shaxs ibodatxonadan 2 rupiya “olib qo‘ygan” va oradan 55 yil o‘tib, 10 ming rupiya qaytargan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!