Isroil mudofaa kuchlari G‘azo shahrini to‘liq egallash va nazorat qilish rejasining dastlabki bosqichini boshlaganini e’lon qildi. Harbiylar shahar chekkalarida allaqachon joylashib olganini ma’lum qildi. Operatsiya mudofaa vaziri Isroil Katz tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, yaqin kunlarda xavfsizlik kengashida ham ko‘rib chiqiladi. Sentabr boshidan 60 mingga yaqin zaxira askarlar safarbar etilishi rejalashtirilgan.
Harbiy ma’lumotlarga ko‘ra, askarlar hozirda Zeitun va Jabaliya hududlarida faoliyat yuritmoqda. Bu joylarda qurol-aslaha saqlangan yerosti tunnelari topilgan. Isroil aholiga zarar yetkazmaslik uchun shahar fuqarolarini evakuatsiya qilish rejalashtirilayotganini ham bildirdi.
Biroq, G‘azo tomonida vaziyat og‘irligicha qolmoqda. Hamas Isroilni “aybsiz tinch aholiga qarshi urushni davom ettirayotganlikda” aybladi. G‘azodagi fuqarolik mudofaasi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi zarbalarda 25 kishi, jumladan, bir oilaning besh a’zosi halok bo‘lgan.
Xalqaro hamjamiyat Isroilning bu rejalaridan xavotir bildirmoqda. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bu harakat mintaqani “abadiy urush girdobiga” tortishi mumkinligini aytdi.
Qatar va Misr vositachiligida sulh bo‘yicha muzokaralar davom etmoqda. Hamas 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarning bir qismini ozod qilish taklifini qabul qilganini ma’lum qildi. Ammo Isroil barcha garovdagilarni ozod etishni talab qilmoqda. Shu paytgacha G‘azoda 62 mingdan ortiq odam halok bo‘lgani aytilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar