AQSH Davlat departamenti 21 avgust kuni juda muhim ma’lumot bilan chiqdi. Ma’lum qilinishicha, hozirda amaldagi Amerika vizasiga ega bo‘lgan 55 milliondan ziyod xorijlik shaxs migratsiya qonunchiligini buzish ehtimoli bo‘yicha maxsus tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda Associated Press agentligi xabar tarqatdi.
Davlat departamenti vakillarining aytishicha, idora vizalar egalarining qoidalarga muvofiqligini doimiy ravishda nazorat qiladi. Har bir xorijlikning vizasi muddati o‘tgan-o‘tmagani, uning jinoyatchilik yoki terrorizmga aloqadorligi sinchiklab o‘rganiladi. Agar bu talablar buzilgani aniqlansa, shaxsning vizasi darhol bekor qilinadi. Agar u AQSH hududida bo‘lsa, mamlakatdan chiqarib yuboriladi.
Qo‘shimcha ravishda, idora ma’lum qilishicha, Donald Trampning 2025 yil yanvar oyidagi inauguratsiyasidan beri bekor qilingan vizalar soni o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan ikki barobarga ko‘paygan. Ayniqsa, talaba vizalarining bekor qilinishi keskin o‘sgan — bu raqam o‘tgan yilga qaraganda to‘rt baravar yuqori.
Avgust oyi boshida e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 6 mingdan ortiq talaba vizasi qonunbuzarliklar sababli bekor qilingan. Ular orasida mamlakatda bo‘lish muddatini buzish holatlari, turli huquqbuzarliklar, hujumlar, mast holda transport boshqarish kabi holatlar, shuningdek terrorizmni qo‘llab-quvvatlash holatlari qayd etilgan. Aniq raqamlarga ko‘ra, taxminan 4 mingga yaqin viza qonun buzilishi, yana 200–300 ga yaqin holat terrorizm bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra bekor qilingan.
Shu tariqa, AQSHda vizalar ustidan nazorat kuchaymoqda. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bu choralar jamoat xavfsizligini ta’minlash va qonunlarga amal qilishni ta’minlash maqsadida amalga oshirilmoqda. Xorijlik talabalar va viza egalari esa AQSHda qonuniy tarzda bo‘lish uchun barcha qoidalarga qat’iy amal qilishlari zarurligi yana bir bor eslatib o‘tildi.
AQSH 55 million xorijlik vizasi bo‘yicha tekshiruv boshladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar