AQSH vizasi uchun yangi talablar: “maxfiy filtr” ishga tushdi

AQSH vaqtinchalik viza olish jarayonida yangi tartib joriy etdi. Endilikda ariza topshiruvchilar qoʻshimcha tekshiruvdan oʻtkazilib, muhim savollarga aniq javob berishi talab qilinadi. Bu haqda “The Guardian” nashri AQSH Davlat departamentining ichki koʻrsatmalariga tayanib xabar berdi.
Yangi tartibga koʻra, viza olishni istagan shaxslar konsullik suhbatida oʻz mamlakatida taʼqib yoki zoʻravonlikka uchramaganini, shuningdek, u yerga qaytishdan qoʻrqmasligini tasdiqlashi kerak boʻladi. Ushbu savollarga tasdiq javobini bersa yoki umuman javob bermasa viza rad etilishi ehtimolini keskin oshiradi.
Maʼlum qilinishicha, Davlat departamenti butun dunyodagi elchixona va konsullik xodimlariga ushbu tartibni joriy etish boʻyicha topshiriq bergan. Endilikda mazkur savollar suhbatning ajralmas qismi boʻlib, ularga javob bermasdan turib jarayonni davom ettirishning iloji boʻlmaydi.
Arizachilarga quyidagi savollar majburiy tartibda beriladi:
— Siz yashab kelgan mamlakatingizda zoʻravonlik yoki shafqatsiz munosabatga duch kelganmisiz?
— Oʻsha mamlakatga qaytganingizda shunday xavfga duch kelishdan qoʻrqasizmi?
Mutaxassislar fikricha, ushbu yangilik asosan ariza beruvchilarning shaxsiga oid maʼlumotlarni yanada aniqroq tekshirish va notoʻgʻri axborot taqdim etish holatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Kuzatuvchilarning taʼkidlashicha, yangi “filtr” viza jarayonini murakkablashtirishi mumkin, biroq u AQSH migratsiya siyosatida nazoratni kuchaytirishga xizmat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!