date

Oq uyda bayroq tushirilishi Tramp haqidagi ovozalarni kuchaytirdi

Oq uyda bayroq tushirilishi Tramp haqidagi ovozalarni kuchaytirdi

Oq uy va AQSHning ko‘plab davlat idoralarida bayroqning yarimga tushirilgani ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Prezident Donald Trampning “vafot etgani” haqida tarqalgan mish-mishlar fonida bu suratlar yanada tezkor tarqaldi va odamlar orasida turli gumonlarni uyg‘otdi.

Aslida esa bayroqning yarim holatda osilishi mutlaqo boshqa voqea bilan bog‘liq edi. Tramp 27 avgust kuni Minneapolisdagi katolik maktabi va cherkovida sodir bo‘lgan qonli otishma qurbonlari xotirasiga hurmat sifatida davlat bayroqlarini yarmigacha tushirish haqida qaror qabul qilgan edi. Unga ko‘ra, 31 avgust kuni quyosh botguniga qadar barcha federal muassasalarda, harbiy bazalarda, elchixonalar va konsulliklarda bayroq shu holatda hilpiratiladi.

Resmi bayonotga ko‘ra, mazkur otishmada ikki kishi halok bo‘lgan, 17 kishi, jumladan 14 bola yaralangan. Jinoyatchi sifatida 20 yoshli Robin Uestman tanilgan bo‘lib, politsiya uni o‘z joniga qasd qilganini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, bayroqning yarimga tushirilishi Tramp haqidagi turli ovozalarni yanada kuchaytirdi. 30 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda uning “vafot etgani” haqidagi xabarlar to‘lqin kabi tarqaldi. Biroq, rasmiy manbalar buni rad etdi. “Axios” nashri xabarchisining ta’kidlashicha, Tramp tirik va uning sog‘ligi barqaror. Uning aytishicha, prezident korteji yo‘lga chiqishidan oldin Oq uyda oq polo ko‘ylak va qizil “Make America Great Again” qalpoqda ko‘ringan.

Tramp sog‘lig‘iga oid savollar avvalroq ham ko‘tarilgandi. Iyul oyida Oq uy uning oyoqlarida shish paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladigan surunkali venoz yetishmovchilikka duch kelganini tasdiqlagan. Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, bu kasallik xavfli emas, ammo tomirlarda bosim oshishi va oshqozon muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda esa Trampning oyoqlari shishgani aks etgan suratlar tarqalishi ortidan turli taxminlar paydo bo‘lgan edi.

Shu tariqa, Amerika bayrog‘i yarimga tushirilishi bir tomondan qurbonlarni xotirlash bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan prezidentning sog‘lig‘i haqidagi ovozalarni yanada jonlantirdi. Mutasaddilar esa bu xabarlarning asosi yo‘qligini va Trampning sog‘ligi yomonlashmaganini qat’iy ravishda ta’kidlashmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Oq uyda bayroq tushirilishi Tramp haqidagi ovozalarni kuchaytirdi