Amerikadagi nufuzli Institut — ISW (Institute for the Study of War) tahlilchilari Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimovning bayonotlarini sinchiklab o‘rgandi va undagi raqamlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ochiqqa chiqardi.
31-avgust, yakshanba kuni e’lon qilingan kunlik tahliliy hisobotda qayd etilishicha, Gerasimov Rossiya armiyasining Ukrainadagi bahor-yoz kampaniyasi davomidagi yutuqlarini keskin ortiqcha ko‘rsatgan.
Undan bir kun avval Rossiya Bosh shtabi rahbari 2025-yil mart oyidan beri Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududidan 149 ta aholi punkti va 3,5 ming kvadrat kilometrdan ziyod hududni qo‘lga kiritganini e’lon qilgan edi. Ammo ISW frontdan kelib tushgan fotosurat va videolar tahliliga tayanib, aslida Rossiya armiyasi 2346 kvadrat kilometr maydon va taxminan 130 ta aholi punktini egallashga ulgurganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Gerasimov Donesk viloyatining 79 foizi, Xerson viloyatining 76 foizi va Zaporijjyaning 74 foizi Rossiya qo‘liga o‘tganini aytgan. Lekin ISW tahlilchilari aniq raqamlarni taqdim etar ekan, Donesk bo‘yicha 76,7 foiz, Xersonda 73,2 foiz va Zaporijjya viloyatida 73 foizini qayd etdi. Faqat Lugansk bo‘yicha raqamlar yaqin keldi: har ikki tomon 99,7 foiz deb baholagan.
ISW hisobotida ta’kidlanishicha, Kreml bunday bayonotlar orqali G‘arb davlatlariga psixologik ta’sir o‘tkazishga, ya’ni Rossiya frontda tez va muvaffaqiyatli ilgarilab borayotgani haqidagi tasavvurni shakllantirishga urinadi.
«Kreml G‘arb jamoatchiligi va siyosatchilarida Rossiyaning harbiy maqsadlari muqarrar ravishda amalga oshishi, Ukraina esa Rossiya talablariga bo‘ysunishi, shu bilan birga G‘arb Kiyevni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishi zarur degan fikrni ilgari surmoqchi», — deyiladi tahliliy hisobotda.
Shu tariqa, ISWning ushbu chiqishi Rossiya rasmiylarining raqamlariga shubha bilan qarash kerakligini yana bir bor namoyon qildi. Moskva tomonidan berilgan har bir raqam ortida propaganda yoki siyosiy maqsadlar turishi mumkinligini ekspertlar yodga solishdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!