Afg‘oniston sharqida ro‘y bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 800 dan ortiq kishi halok bo‘ldi, 2 800 dan ziyod odam jarohat oldi. Rasmiylarning ma’lum qilishicha, zilzila yarim tunda, 10 kilometr chuqurlikda yuz bergan. Qutqaruvchilar qulab tushgan uylar ostida qolganlarni izlashda davom etmoqda.
Kunar va Nangarhor viloyatlarida eng ko‘p talafot qayd etildi. Ayrim qishloqlar butunlay vayron bo‘lgani, tog‘li hududlarda aloqa vositalari ishlamayotgani sabab qutqaruv ishlari qiyinlashgani aytilmoqda. Harbiy vertolyotlar jarohatlanganlarni shifoxonalarga yetkazmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi xalqaro yordamga chaqirdi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, minglab oilalar uy-joysiz qolgan. Biroq hozircha hech bir xorijiy davlat rasmiy yordam taklif qilmagan.
Afg‘oniston so‘nggi yillarda bir necha marta halokatli zilzilalarga duch keldi. 2022-yilda ro‘y bergan 6,1 magnitudali zilzilada mingga yaqin odam halok bo‘lgandi. Mamlakatda gumanitar inqiroz davom etayotgani bois, xalqaro tashkilotlar bu tabiiy ofatning oqibatlarini yengillashtirish uchun ko‘mak zarurligini qayd etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!