date

AQSH Falastin fuqarolariga vizalarni rasman chekladi

AQSH Falastin fuqarolariga vizalarni rasman chekladi

AQSH ma’muriyati Falastin fuqarolari, xususan, G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilda yashayotgan shaxslar uchun vizalar berilishini bosqichma-bosqich to‘xtatishga kirishdi. Bu haqda “New York Times” nashri rasmiy manbalarga tayanib xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 16 avgust kuni AQSH Davlat departamenti G‘azo aholisi uchun har qanday turdagi tashrif vizalarini bekor qilganini e’lon qildi. Oradan ikki kun o‘tib, 18 avgust kuni esa yanada keskin qaror qabul qilindi.

Shu kuni Vashington barcha AQSH elchixonalariga maxsus ko‘rsatma yuborib, G‘arbiy Sohil va xorijdagi Falastin diasporasidan bo‘lgan shaxslarga immigratsiyaga oid bo‘lmagan vizalarni taqdim etish jarayonini to‘xtatib qo‘yishni buyurdi.

Bu cheklov Falastinliklarning AQSHga borish maqsadida oladigan vizalari — tahsil olish, davolanish, xizmat safari, oilaviy tashriflar kabi yo‘nalishlarga ham ta’sir ko‘rsatadi.

29 avgust kuni AQSH Davlat departamenti yana bir jiddiy bayonot bilan chiqdi. Unda aytilishicha, sentyabr oyida Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida qatnashish uchun vizalar so‘rab murojaat qilgan Falastin rasmiylarining arizalari rad etilgan.

Bayonotda ta’kidlanishicha, AQSH qonunchiligiga muvofiq, Davlat kotibi nomidan senator Marko Rubio tomonidan Falastin Ozodlik Tashkiloti (FOT) hamda Falastin ma’muriyati vakillariga viza berish bekor qilingan yoki rad etilgan.

Vashingtonning ushbu qat’iy qarori Falastin tomonida keskin norozilik uyg‘otdi. Rasmiy Ramalla buni siyosiy bosim va Falastinning xalqaro maydondagi ovozini cheklash urinishi sifatida baholamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Falastin fuqarolariga vizalarni rasman chekladi