Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Afg‘onistonda yaqinda sodir bo‘lgan zilzila oqibatlarini bartaraf etish va vaziyatni aniq baholash maqsadida 25 ta maxsus guruhni safarbar etdi. Bu haqda BMTning gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi rasman ma’lum qildi.
BMT matbuot xizmati ma’lum qilishicha, “Birlashgan Millatlar Tashkiloti mintaqadagi vaziyatni o‘rganish va tahlil qilish uchun kamida 25 ta maxsus guruhni joylashtirdi va hozirdanoq tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda faol yordam ko‘rsatmoqda. Shuningdek, zaruriy yuklarni borish mumkin bo‘lgan aholi punktlariga o‘z vaqtida yetkazib bermoqda”, deyiladi xabarda.
Idora ta’kidlashicha, hozirda boshpana va tibbiyot anjomlari qurilishi uchun zaruriy materiallar zaxirasi qisqarib bormoqda, joriy moliyalashtirish esa barcha ehtiyojlarni qondirish uchun yetarli darajada emas. Shu bilan birga, tabiiy ofat mintaqada ko‘plab inqirozlarga duch kelayotganini, jumladan, qattiq qurg‘oqchilik va qo‘shni mamlakatlardan Afg‘onistonga millionlab muhojirlar qaytishi kabi xavflarni ham olib kelgani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 31-avgust kuni Hindukush tog‘larida 6,2 magnitudali zilzila kuzatilgan edi. Bu silkinishlar Afg‘onistonning sharqidagi Asadobod shahridan 27 km janubi-g‘arbda sodir bo‘lgan. “Khaama Press” xabariga ko‘ra, kuchli silkinishlar butun qishloqlarni vayron qilgan, ko‘chkilar ayrim aholi punktlariga kirish yo‘llarini to‘sib qo‘ygan va aloqa liniyalari uzilgan. Qutqaruv ishlari esa og‘ir tog‘li yerlarda, murakkab sharoitlarda amalga oshirilmoqda.
Afg‘oniston rasmiylari e’lon qilishicha, zilzila qurbonlari soni 1411 kishiga yetgan, yana 3124 kishi jarohat olgan. Bu esa mintaqaning ahvolini jiddiylashtirib, xalqaro yordam va tezkor qutqaruv ishlarining zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!