Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Xili Kiyevga safari chog‘ida muhim bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, London hukumati muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish orqali Ukrainaga katta harbiy yordam ko‘rsatdi.
3 sentyabr, chorshanba kuni e’lon qilingan ma’lumotda qayd etilishicha, Rossiya Federatsiyasidan olib qo‘yilgan mablag‘lar Ukraina uchun qurol-yarog‘ va harbiy vositalar xarid qilishga yo‘naltirilgan. Mablag‘ miqdori bir milliard funt sterlingdan oshib ketdi. Bu mablag‘ hisobidan turli sohalar bo‘yicha shartnomalar tuzilib, Kiyev armiyasiga muhim resurslar yetkazib berilmoqda.
Buyuk Britaniya hukumati saytida yozilishicha, ushbu mablag‘ Ukrainaga yuz minglab artilleriya snaryadlari, yuzlab zenit raketalari, qurol-yarog‘ uchun ehtiyot qismlar yetkazib berish imkonini yaratdi. Shuningdek, texnika va harbiy transport vositalari uchun servis xizmatlari hamda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha yangi kelishuvlar ham imzolandi.
Oxirgi 50 kun ichida Ukraina Britaniyadan ulkan miqdorda yordam oldi. Xususan:
– 4,7 million o‘q-dori;
– 60 mingdan ortiq artilleriya snaryadlari;
– zamonaviy raketalar va raketatizimlar;
– 2,5 mingdan ziyod dronlar;
– 200 dan ko‘p elektron urush tizimlari;
– 100 ta yengil qurol turlari;
– 30 dan ziyod maxsus texnika va havo mudofaasi uchun qo‘shimcha jihozlar yetkazib berildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday ko‘lamdagi yordam Ukraina mudofaa salohiyatini sezilarli darajada oshiradi. Britaniya esa o‘z navbatida Rossiyaga qarshi keskin siyosiy va iqtisodiy bosimni kuchaytirishda davom etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!