Fransiya poytaxti Parijda 4 sentyabr kuni o‘tkazilgan «ko‘ngillilar koalitsiyasi» yig‘ilishi ortidan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy muhim bayonot bilan chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilari Ukraina xavfsizligi uchun umumiy kafolatlar to‘plami bo‘yicha kelishib oldi va bu jarayonda eng katta mas’uliyat Ukraina Qurolli kuchlari zimmasiga yuklanishi alohida ta’kidlandi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, barcha qatnashchilar Moskva tomonidan Ukrainaga qarshi boshlangan urushiga barham berishga qaratilgan tinchlik tashabbuslarini hozirgi paytda qabul qilish mumkin emasligini yakdil ravishda qayd etishgan. Bu, o‘z navbatida, Kiyevning pozitsiyasi xalqaro miqyosda to‘liq qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat bermoqda.
Fransiya rahbari Emmanuel Makron ham yig‘ilish yakunida so‘zga chiqib, 26 davlat Ukraina hududida o‘t ochishni to‘xtatish jarayoni amalga oshirilgandan so‘ng tinchlikparvarlik missiyasida ishtirok etish niyatida ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, mazkur davlatlar «yo Ukrainaga o‘z kontingentini yuborishga, yoki dengiz va havo hududida xavfsizlikni ta’minlash uchun aniq resurslar ajratishga tayyor».
Shuningdek, Makron AQSHning Ukraina xavfsizligiga oid kafolatlarini qo‘llab-quvvatlash masalasi yaqin kunlarda ma’lum bo‘lishini bildirdi. Unga ko‘ra, kelgusida Kiyev Rossiyaga qarshi sanksiyalar borasida Vashington bilan bevosita muvofiqlashuv olib boradi.
Parijdagi sammitda jami 35 davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilish xalqaro hamjamiyatning Ukraina xavfsizligi va mustaqilligini ta’minlashda bir ovozdan harakat qilishga tayyor ekanini yana bir bor namoyon qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!